баннер
21 Dek 2024
02:53

    Senat soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlariga doir qonunni maʼqulladi

    Moliya 18 Dekabr 2024 390

    Senatning ikkinchi yalpi majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2025-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

    Qonun bilan 2025-yilga moʻljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida biznes yuritishni yengillashtirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida ayrim qonunchilik hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilyapti.

    2025-yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 foiz, foyda soligʻining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yer soligʻi 0,95 foiz, qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliqlarni yetishtirish (oʻstirish) uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 1 kub metrga 100 soʻm, ijtimoiy soliq 12 foiz (byudjet tashkilotlari – 25%), aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorida oʻzgarishsiz qoldirilyapti.

    Qonun qabul qilinishi natijasida tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish boʻyicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi taʼminlanadi.

    Qayd etilganidek, soliq siyosatida asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlab qolgan holda aholini sogʻlom turmush tarziga jalb etish hamda atrof muhitni himoya qilishni ragʻbatlantirish yoʻnalishlari nazarda tutilyapti.

    2025-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlar uchun soliq yukini kamaytirish orqali qulay biznes muhitini yaratish maqsadida mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi bekor qilinadi hamda barcha nashriyot va matbaa korxonalari 2025-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar foyda soligʻidan ozod etiladi.

    Qonunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy byudjetga oid vakolatlari kengaytirilgan. Ularga tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy soliq stavkasini eng kam va eng yuqori stavkalar (diapazonda) doirasida belgilash hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hamda noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllash vakolatlari beriladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Senatorlar oʻz chiqishlarida Qonunda byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, soliq siyosatini belgilashda sogʻlom turmush tarzini yaxshilash va tabiatni asrashni ragʻbatlantirish masalalariga eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech