баннер
16 Mar 2025
07:07

    Senat tashabbusi bilan yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik kuchaytiriladi

    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi ishchi guruhining yigʻilishida mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasiga (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar muhokama etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oliy Majlis Senati qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Mazkur tashabbus doirasida parlamentning yuqori palatasi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan huquqiy normalarni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratyapti.

    Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan qilmish ehtiyotsizlik oqibatidagi jinoyat sifatida eʼtirof etilsa-da, oxirgi vaqtlarda bu turdagi qilmishlar yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilari, ayniqsa piyodalar, velosiped haydovchilarini huquqlarini ochiq mensimaslik, ayniqsa muqaddam yoʻl harakati qoidalarini buzganligi yoki yoʻl-transport hodisasini sodir etganligi uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinganlar, shuningdek, mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga taʼsir etuvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida boʻlgan shaxslar tomonidan sodir etilayotganligi kuzatilyapti.

    Xususan, 2020–2024-yillar davomida mast haydovchilar sababli 600 ga yaqin yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan boʻlsa, 2024-yilning oʻzida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan 405 ta YTH roʻyxatga olingan.

    Shu bois Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralardan olingan fikrlar asosida Jinoyat kodeksining 266-moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol buzgan haydovchilarga nisbatan jinoyatning ogʻirligini hisobga olgan holda jazo choralarini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

    Yigʻilish yakunida ishchi guruh aʼzolari mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda qonunchilik takliflarini takomillashtirish va mazkur sohadagi qonunchilik normalarini yanada kuchaytirish yuzasidan ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech