Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisini 2022-yil 4-avgustda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Yalpi majlisni ikki kun davomida videokonferensaloqa shaklida oʻtkazish rejalashtirilgan.

Qayd etilganidek, navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqiladi. “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2061-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Yalpi majlisda “Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlarni muhokama etish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I yarim yilligi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitish rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza haqidagi axboroti muhokama etiladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti ham eshitiladi.

Yalpi majlisda qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalarini muhokama qilish nazarda tutilgan.

Senatorlar tomonidan Buxoro viloyati hokimining turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlar boʻyicha hisobotini ham eshitadi.

Yalpi majlisda Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovini yuborish masalasi koʻrib chiqiladi.

Senatorlar yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini ham muhokama qiladi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.