Senatda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining oliy vakili bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining oliy vakili Fatima Rababxonim bilan uchrashdi.

    Unda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi istiqboli uchun muhim boʻlgan masalalar yuzasidan suhbatlashildi.

    Jumladan, dengiz yoʻli orqali savdo aloqalarini rivojlantirish, Oʻzbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti, kelgusidagi rejalari haqida fikr almashildi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonning soʻnggi yillarda qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro yaxshi munosabatlarining koʻlami kengayayotgani, mintaqadagi iqlim oʻzgarishi, ekologik muammolarga qaratilayotgan eʼtibor va yechimlar, qishloq xoʻjaligidagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish, onlayn savdo tizimini rivojlantirish, tranzit yoʻllarining xavfsizligi masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

    Muloqot davomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi tashqi savdo, transport va kommunikatsiya sohalari hamda bu borada xalqaro darajada qilinishi lozim boʻlgan ishlar muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.