Senatda BMT vakili bilan muhim masalalar muhokama etildi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining (BMT NJB) Afgʻoniston, Markaziy Osiyo, Pokiston va Erondagi mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar yuksak baholanib, ushbu jarayonlarda BMT NJB mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini va har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligi bildirildi.

    Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda korrupsiyaga hamda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan.

    Suhbat chogʻida korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurashishda parlamentning roliga eʼtibor qaratilib, bu oʻz oʻrnida xalqaro miqyosda tan olingan mustahkam qonunchilik tizimini shakllantirishga xizmat qilayotganligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasi xalqaro darajada namuna boʻlishi mumkinligi eʼtirof etildi.

    Oʻzbekistonning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, unga oid jinoyatlarni aniqlash va aybdorlarni javobgarlikka tortish ishlari sezilarli darajada yaxshilanganligi, mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlari taʼkidlandi. Bu mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrni yaxshilanishida oʻz aksini topayotganligi qayd etildi.

    Tomonlar jinoyatchilikning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga, shuningdek, global tahdidlar — raqamlashtirish, mehnat migratsiyasining kengayishi va boshqa ustuvor yoʻnalishlarni hisobga olgan holda 2026-2030-yillarga moʻljallangan hamkorlikning yangi “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.