баннер
25 Apr 2025
22:27

    Senatda Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 14-aprelda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevroparlamentning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar boʻyicha delegatsiyasi raisi Tomash Zdexovskiy boshchiligidagi Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi. Siyosiy muloqotning yuksak darajasi va parlamentlararo aloqalarning kengayib borishi dinamikasi qayd etildi.

    Oʻtgan hafta Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunlariga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, Yevropaning 18 ta mamlakatidan delegatsiyalar ishtirok etgani Yevropa Ittifoqi qoʻllab-quvvatlaganining yorqin dalili boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro miqyosda keng aks-sado bergan nutqi yuksak baholandi.

    Shuningdek, 4-5-aprel kunlari Samarqand shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarixda birinchi marotaba boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yakunlari ham koʻrib chiqildi. Erishilgan kelishuvlar, shu jumladan Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy vakolatxonasini ochish muhimligi qayd etildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar Oliy Majlis Senati va Yevropa parlamenti oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech