Tomonlar Yevropa Ittifoqi bilan aloqalar, xususan, parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama etildi.

Qayd etilganidek, mamlakatlarning parlament aʼzolari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida muntazam ravishda delegatsiyalar tashriflari amalga oshirilyapti, parlament aʼzolari qonun ijodkorligi faoliyatini oʻrganib, oʻzaro tajriba almashyapti.

Uchrashuvda D.Makallister Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka eʼtibor qaratayotganini, shu jumladan, Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli sohalarda sheriklik va hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganini qayd etdi.

Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatni toʻgʻri yoʻnaltirish yuzasidan amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari tufayli biz ushbu islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz”, — deya taʼkidladi u.

Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ roʻyxatiga kiritilgani va ushbu imtiyozlar tadbirkorlar uchun yaxshi imkoniyatlar ochishiga hamda Oʻzbekistoning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, tomonlar oʻzaro qiziqtirgan masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.