Majlisda manfaatdor vazirlik va idoralar, davlat kompaniyalari, jamoat birlashmalari rahbarlari, Oʻzbekistonning Germaniya va Fransiyadagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Fransiya bilan birgalikda umumiy qiymati 3,933 milliard dollarga teng 34 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Germaniya bilan “Yoʻl xaritasi” asosida qariyb 4,8 milliard dollarlik 58 ta investitsiya loyihasi va savdo shartnomalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu investitsiyalar jalb etilishi mamlakatimizning energetika sohasini keng koʻlamli modernizatsiya qilishni boshlashga imkon berdi. Bunda yangi energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarni qurish, yoqilgʻi-energetika sanoatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, hududlarning transport, logistika va kommunal infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish nazarda tutilmoqda.

Eshituv davomida “yoʻl xaritalari”ning bajarilish jarayoni tanqidiy tahlil qilindi, investitsiya loyihalari va eksport shartnomalarini amalga oshirishga masʼul boʻlimlar faoliyatiga baho berildi.

Joylarda senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan loyihalarni oʻrganish, investorlar, investitsiya loyihalari va eksport shartnomalarini amalga oshirish uchun masʼul tashkilotlar va idoralar bilan uchrashuvlar natijasida investitsiya loyihalari bajarilmayotganligi va jiddiy kechikib bajarilayotganligi aniqlandi.

Jumladan, tahlil koʻrsatishicha, Fransiya bilan tuzilgan “yoʻl xaritasi”da umumiy qiymati 1,3 milliard dollarga teng 13 ta loyiha turli sabablarga koʻra amalga oshirilmayapti yoki kech amalga oshirilmoqda. Buning uchun Turizm va sport vazirligi, “Milliy bank” AJ, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Oʻztreyd”, Uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” AJ javobgar hisoblanadi.

Germaniya bilan tuzilgan “yoʻl xaritasi”ga koʻra umumiy qiymati 1,4 milliard dollardan ortiq boʻlgan 24 ta loyiha ijrosi ancha kechiktirilmoqda yoki umuman bajarilmayapti. Loyihalarning tashabbuskorlari Sogʻliqni saqlash vazirligi, ATB “Agrobank”, Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimligi, ATB “Turonbank”, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hisoblanadi.

Har bir loyihaning oʻziga xos muammolari bor, shu bilan birga “yoʻl xaritalari” oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishiga xalaqit beradigan tizimli toʻsiqlar ham mavjud. Jumladan, oʻrganish byurokratiya yuksak darajada saqlanib qolayotganligini koʻrsatdi. Bu, jumladan, loyiha hujjatlari bosqichma-bosqich va oʻz vaqtida ishlab chiqilmasligida namoyon boʻlmoqda, bu moliyalashtirish ochilishining, mablagʻlar oʻzlashtirilishining kechikishiga va natijada ishlab chiqarish quvvatlari kech foydalanishga topshirilishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari tomonidan nazoratning yetarli darajada emasligi, tegishli hokim oʻrinbosarlari investitsiya masalalari boʻyicha hisobotlarni muntazam berib bormasligi qayd etildi.

Majlis yakunlari boʻyicha Senat Qoʻmitasining mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq choralarni oʻz ichiga olgan tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.