Senatda Global yashil oʻsish instituti (GGGI) Assambleyasi raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Joriy iyl 27-mayda Senatda Oliy Majlis yuqori palatasi rahbari Tanzila Narbayevaning Global yashil oʻsish instituti (GGGI) Assambleyasi raisi Pan Gi Mun bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar chogʻida GGGI ning Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirish, institutning “yashil” transformatsiya boʻyicha keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirishdagi rolini kuchaytirish, shuningdek, iqlim boʻyicha Parij kelishuvi doirasidagi mamlakat majburiyatlarining bajarilishini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.

    Alohida eʼtibor Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik muammolarga xalqaro yondashuv, soʻnggi yillarda ushbu hududni qayta tiklash va barqaror rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻrmonzorlar barpo etish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarga qaratildi. Shuningdek, parlament ekspertizasini chuqurlashtirish va “yashil” iqtisodiyot boʻyicha mutaxassislar tayyorlash borasidagi rejalar muhokama etildi.

    Tomonlar xalqaro darajada milliy iqlim tashabbuslarini ilgari surish, normativ-huquqiy bazani rivojlantirish, atrof-muhit ifloslanishi va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.