Senatda Jahon bankining vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Sentabr 2023 1268

    Joriy yil 26-sentyabrda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E.Gadoyevning Jahon banki Boshqaruv va moliyaviy menejment boʻyicha menejeri Adrian Fozzard bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekistonda davlat boshqaruvini isloh qilish va Jahon bankining davlat moliyasini boshqarish sohasidagi koʻmagi, Davlat byudjetini mablagʻlari sarflanishi ustidan oʻrnatilgan parlament nazorati masalalari muhokama etildi.

    Xususan, A.Fozzardga respublikamizda 2021-yildan buyon davom etayotgan Tashabbusli byudjet, ushbu jarayonlardagi ochiqlik va shaffoflik taʼminlanayotgani, jamoatchilik nazorati bilan bir qatorda Senat tomonidan ham parlament nazorati olib borilayotganligi haqida maʼlumot berildi.

    Shuningdek, uchrashuvda Senat tomonidan maqsadli byudjetlashtirish, byudjet jarayoni hamda har yilgi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi Qonunni koʻrib chiqish va muhokama etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratildi.

    Oʻz navbatida, Jahon banki vakillari Davlat byudjeti ochiqligi borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ijobiy baho berib, bu borada koʻmaklashishga tayyor ekanligini hamda ilgʻor tajribaga ega davlatlarning malakali mutaxassislarini jalb etishga koʻmaklashishini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.