Joriy yil 1-aprelda xalq deputatlari Toshkent shahar, tuman kengashlari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida poytaxtimizda boʻlib turgan Jizzax viloyati, tuman (shahar) Kengashlarining deputatlari va kotibiyat xodimlaridan iborat delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosida boʻlib, parlament yuqori palatasining faoliyati bilan bevosita tanishdilar.
Jumladan, senatorlar va delegatsiya aʼzolari uchrashuvida Senatning qonun ijodkorligi, parlament nazorati faoliyati hamda mahalliy Kengashlar hamkorligini kuchaytirish borasidagi ishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Uchrashuvda oxirgi yillarda Senatning hududlar manfaatini har tomonlama taʼminlash borasida mahalliy Kengashlar bilan hamkorligi sezilarli darajada rivojlanganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Jumladan, oʻtgan yili Senatga kelib tushgan 91 ta qonun boʻyicha joylarda mahalliy Kengashlar bilan birgalikda 7 000 dan ortiq muhokamalar tashkil etilib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha Senat Kengashining 7 marotaba va Senat qoʻmitalarining 33 marotaba sayyor majlislari oʻtkazildi. Senatning yalpi majlislarida mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari aʼzolarining muntazam ishtirok etishi, senatorlar orqali hududdagi respublika darajasida hal qilinishi lozim boʻlgan masalalarning yalpi majlis muhokamasiga olib chiqilib hal etish amaliyoti bugungi kunda oʻz samarasini berib kelyapti.
Shuningdek, Senat devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazining tashkil etilgani bu boradagi ishlarning yanada faollashtirishga xizmat qilayotganligi alohida taʼkidlandi.
Maʼlumki, Markaz hamkorlik doirasida mahalliy Kengashlarning faoliyatini raqamlashtirishga, ularga axborot tahliliy, ilmiy-uslubiy hamda xalqaro hamkorlikdagi faoliyatiga koʻmaklashish, mahalliy Kengashlar deputatlarining malakasini oshirish va yangi qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida oʻquv-seminarlari tashkil etish kabi yoʻnalishlarda ishlar olib boradi.
Ikki tomonlama qizgʻin fikr almashishga aylangan mazkur uchrashuvda mahalliy Kengash vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga kerakli javoblarni oldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Shundan soʻng uchrashuv ishtirokchilariga Oliy Majlis Senatining yangi binosi boʻylab tanishtiruv oʻtkazildi.