Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Moʻgʻuliston oʻrtasidagi keng qamrovli sheriklik aloqalari koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariga, oʻzaro yaqin savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikka asoslanganligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Moʻgʻuliston Buyuk Davlat Xurali bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo doʻstlik guruhi faoliyatining samaradorligini oshirish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ustidan birgalikdagi parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Moʻgʻulistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida hamda toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash parlamentlararo guruhning ham vazifasi ekanligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida oʻzaro tajriba almashish masalalari boʻyicha ham soʻz yuritildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.










