Majlisda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlar muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. 2025-yil 4–5-aprel kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti buning yorqin ifodasi sifatida qayd etildi. Sammit natijalari ikki mintaqa oʻrtasidagi munosabatlarni yangi, strategik darajaga olib chiqqanligi bilan alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, oʻzaro investitsiya muhitini yaxshilash hamda taʼlim sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi. Jumladan, “Erasmus+” dasturi orqali oʻzbekistonlik yoshlarning Yevropa davlatlarida tahsil olishi imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashdagi tajribasini oʻrganish, axborot xavfsizligini taʼminlashda hamkorlik qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Majlisda ekologik barqarorlikni taʼminlash, xususan, Orolboʻyi mintaqasida ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Suv resurslarini samarali boshqarish, mintaqaviy ekologik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qoʻshma tashabbuslar ilgari surildi.
Yevropa Ittifoqi vakillari Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, gender tenglikni taʼminlash va ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarni yuqori baholadilar.
Majlis yakunida tomonlar “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qoʻmitasining navbatdagi majlisini 2026-yilning birinchi yarmida oʻtkazishga kelishib oldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.