Senatda Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshni davlatlardagi elchilarining hisobotlari eshitildi

    Mamlakatimizda 28 Fevral 2024 1200

    Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchilarining hisobotlari eshitildi.

    Tadbirda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, davlat kompaniyalari rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Eshituvlar joriy yil 18-yanvarda boʻlib oʻtgan selektor yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi ustidan parlament nazoratini oʻrnatish maqsadida tashkil etildi. Oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha qabul qilingan “yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan investitsiya loyihalari va savdo bitimlarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash masalalari muhokama markazida boʻldi.

    Taʼkidlanganidek, Qozogʻistondagi elchixonaning bevosita koʻmagida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 29 ta investitsiya loyihasi va savdo bitimlarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Senatorlar eksport hajmini oshirish va Qozogʻiston bilan savdoda ijobiy savdo balansiga erishish boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrish muhimligini qayd etdi.

    Oʻzbekistonning Qirgʻizistondagi elchixonasi faoliyati tahlilida oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning har tomonlama mustahkamlangani, ikki mamlakat fuqarolarining davlat chegarasini milliy guvohnomalari asosida kesib oʻtish mexanizmi joriy etilgani, ikkita qoʻshimcha oʻtkazish punkti ochilgani qayd etildi. Shu bilan birga, eksport tovarlar nomenklaturasini diversifikatsiya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish tavsiya etildi.

    Mamlakatimizning Tojikistondagi elchixonasi faol ishtirokida 150 million dollarga yaqin investitsiyaviy bitimlar tuzildi va 100 million dollarga yaqin hajmda eksport shartnomalar imzolandi. Shuningdek, Senatorlar elchixona biriktirilgan Toshkent viloyatidagi investitsiyaviy takliflarni faollashtirishi lozimligini taʼkidladi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Turkmanistondagi elchixona tomonidan 80 dan ortiq oʻzaro tashriflar, 200 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi.

    Ochiq va xolisona muhokama davomida parlament aʼzolari mahalliy hokimliklar hamda korxonalari tomonidan diplomatik vakolatxonalarimizning investitsiya loyihalari va eksport boʻyicha takliflarini koʻrib chiqishda sustkashliklar yuzasidan oʻz tanqidlarini bildirdi. Tarmoqlar va hududlar investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asosnomalarini xalqaro standartlar talablariga toʻliq mos holda tayyorlash zarurligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga oʻz faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha batafsil tavsiyalar berildi va aniq vazifalar belgilandi.

    Majlis yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senati qoʻmitasi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi.