Suhbat chogʻida mehmonga Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi va yangilangan Konstitutsiya doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, mamlakatimizda navbatdan tashqari Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish haqida maʼlumot berildi.
B.Kandov muddatidan ilgari Oʻzbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik izhor qilib, uning muvaffaqiyatli oʻtishiga tilak bildirdi: “Quyoshli va mehmondoʻst Oʻzbekistonga yana tashrif buyurish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi. Albatta, bugun mamlakatingiz jahon hamjamiyatining diqqat markazida boʻlib, bu davlatning xalqaro maydondagi roli tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Ishonchim komilki, boʻlajak Prezident saylovi xalqaro normalar va demokratik tamoyillar asosida yuqori tashkiliy saviyada oʻtadi”.
Tomonlar Oʻzbekiston bilan Avstriya oʻrtasidagi savdo, investitsiyalar, ogʻir sanoat, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm kabi muhim sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Mazkur yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.