Senatda Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 13-mayda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi Toragʻasi oʻrinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Qirgʻiz Respublikasi delegatsiyasi Oliy Majlis va Jogorku Kenesh oʻrtasida hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan.

    Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikning dolzarb masalalari, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi hamkorlikning holati va uni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama etildi.

    Tomonlar oliy darajadagi oʻzaro tashriflar hamda xalqaro parlament forumlari doirasida kengayib borayotgan ikki tomonlama aloqalarning izchil surʼatini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Parlamentlararo komissiya yigʻilishlarini hududlarda oʻtkazishning ijobiy amaliyotiga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlarning fikricha, bu hududlararo aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi va joylardagi oʻziga xosliklarni hisobga olish imkonini beradi. Komissiya parlament aʼzolari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot uchun samarali maydon boʻlishi hamda ikki tomonlama kun tartibini aniq tashabbuslar bilan boyitishi muhimligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, muloqot chogʻida Parlamentlararo komissiya faoliyati doirasida Samarqandda oʻtkazilgan birinchi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston turizm forumi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirishda navbatdagi qadam ekani, oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasida turizm va madaniy almashinuv sohasida muhim voqea boʻlgani qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida hamkorlikni kengaytirish, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va mintaqaning barqaror rivojlanishini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdor ekanligini tasdiqladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.