Unda Hisob palatasi tomonidan 2021-yilda Sogʻliqni saqlash va Qurilish vazirliklarida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan kamchilik va qonun buzilishlarni bartaraf etish holati yuzasidan mazkur vazirliklar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Majlis davomida Sogʻliqni saqlash va Qurilish vazirliklari tizimida byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, majlis davomida har ikki sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlarga qaramasdan sohada ayrim muammolar va kamchiliklar hanuzgacha saqlanib qolayotganligiga ham eʼtibor qaratildi.
Xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligi xorijiy kreditlar hisobiga xarid qilingan jihozlarning aksariyat qismi foydalanishga topshirilmagan. Vrach qabuliga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi “Elektron poliklinika” axborot tizimi 806 ta tibbiyot muassasasida joriy etilmagan hamda jami 27 milliard soʻmlik davlat xaridlariga oid eʼlonlar “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga zid ravishda berilgan.
Qurilish sohasida ham bir qator kamchiliklar borligi alohida taʼkidlab oʻtildi. Shu jumladan, qurilish — taʼmirlash ishlarini olib borishda hududlarning bosh rejasiga rioya etmaslik, qurilish obyektlari boʻyicha Qurilish sohasida nazorat inspeksiyaga xabarnoma bermaslik va qurilish sifati yuzasidan taʼsirchan davlat nazorati oʻrnatilmaganlik kabi qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Shuningdek, majlisda qurilish sohasidagi buyurtmachi, loyihachi va pudratchi tomonidan obyektlar qurilishida texnik, mualliflik va ichki nazorat tadbirlari yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagani, ushbu nazoratni amalga oshirish tizimi elektron raqamlashtirilmagan va nazoratni amalga oshirish muddatlari joriy etilmagani va yana bir qator kamchiliklar aytib oʻtildi.
Tadbirda Qoʻmita tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq tavsiya va koʻrsatmalar berib oʻtildi.
Majlis soʻnggida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat Qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.