Majlisda senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Hisobot davrida vazirlikning bevosita ishtirokida 19 ta xorijiy mamlakatga oliy darajadagi amaliy va rasmiy tashriflar tashkil etilgani, 38 ta xorijiy delegatsiya bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilgani taʼkidlandi.
Iqtisodiy diplomatiya sohasida turli darajadagi 2,5 mingdan ortiq ikki tomonlama muzokara va tadbirlar oʻtkazilib, ular doirasida umumiy qiymati 58 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini ishlab chiqishda amaliy yordam koʻrsatildi.
Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari tashabbusi bilan umumiy qiymati 114,5 million dollarlik 22 ta grant loyihasi amalga oshirildi. Hisobot davrida respublika va xorijda mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan 600 dan ortiq madaniy-maʼrifiy, ijtimoiy va sport tadbirlari oʻtkazildi.
Muhokama chogʻida senatorlar bir qator muammoli masala va omillarni tilga olib, ularning bartaraf etilishi vazirlik faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi. Xususan, tashqi siyosiy faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, senatorlar vazirlikning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini bugungi kun talabidan kelib chiqib, tubdan qayta koʻrib chiqish lozimligiga toʻxtalib oʻtdilar.
Oʻtkazilgan tahlillar natijalariga koʻra 2023-yil 1-iyul holatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan takroriy murojaatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar oshgan. Fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqishga yuzaki yondashish holatlari uchrab turibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis Senati qarorlarida belgilangan ayrim vazifalar oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagani masalasiga ham parlament aʼzolari eʼtibor qaratdilar.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Ochiq va konstruktiv muhokama natijalariga koʻra Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.









