Senatda Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Bugun, 7-mayda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Vedat Ishikxan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari barcha yoʻnalishlarda, shu jumladan, mehnat, ijtimoiy himoya, taʼlim, savdo, investitsiya va parlamentlararo hamkorlik sohalarida izchil rivojlanayotgani qayd etildi.

    Parlamentlararo munosabatlar xususida soʻz yuritilar ekan, soʻnggi yillarda parlamentlar oʻrtasidagi muntazam muloqot va oʻzaro tashriflar faollashgani alohida eʼtirof etildi. Tashriflar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan hujjatlar imzolangani va shu tariqa parlamentlararo aloqalar yangi, amaliy bosqichga olib chiqilgani qayd etildi.

    Shuningdek, uchrashuvda mehnat muhofazasi, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, aholini band qilish va kambagʻallikni qisqartirish borasida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba va axborot almashish hamda mazkur yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.