Senatda Turkiyaning Elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 6-fevralda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Olgan Bekarni qabul qildi.

    Uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, oʻzaro ishonchga asoslangan doʻstona munosabatlari tufayli Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar yangi bosqichga koʻtarilgani hamda keng qamrovli strategik sheriklik mustahkamlangani alohida taʼkidlandi.

    O. Bekar Oʻzbekistonda Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarga yuqori baho berdi hamda oʻzining faoliyat davridagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishdagi ishtirokidan mamnun ekanligini bildirdi.

    Suhbat davomida parlamentarlararo aloqalarning koʻlami kengaygani, doʻstlik guruhlari hamda hududlararo munosabatlarning faollashganiga ham toʻxtalib oʻtildi.

    Parlamentlararo muloqotni rivojlantirish savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga xizmat qilishi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.