Taʼkidlanganidek, oʻtgan yil davomida Senat Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlari, shuningdek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida aks etgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib faoliyat yuritdi.
Jumladan, qonunchilik faoliyatini takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, xalqaro va parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish, mahalliy Kengashlar faoliyatiga koʻmaklashish, xalq bilan muloqot samaradorligiga erishishda parlament taʼsirini
oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Xususan, qonunchilik yoʻnalishida jami 79 ta qonun koʻrib chiqildi. Qonunlar hududlar manfaatlaridan kelib chiqib, tanqidiy-tahliliy nuqtai nazar bilan muhokama qilindi. 2022-yilda Senat tomonidan 8 ta qonun rad etildi.
Qonunlarni tizimli tahlil qilish va ularni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish amaliyoti davom ettirilib, 20 dan ortiq qonun ijrosi, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilish yakunlari boʻyicha Hukumat oldiga tegishli vazifalar qoʻyildi.
Parlament nazorati doirasida Senat yalpi majlislarida hukumat, vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, hokimlarning hisobot va axborotlari yuzasidan 27 ta eshituv oʻtkazdi.
Har chorakda hukumatning hamda moliya vazirining Davlat dasturi ijrosining borishi va Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlari muhokama etildi.
Senatorlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan masalalarni oʻrganishga alohida eʼtibor bergan holda, oʻrganish yakunlari boʻyicha mingga yaqin masala hal etish uchun hukumatga kiritildi. Mazkur takliflar asosida 2023-yilgi Davlat byudjeti parametrlari va investitsiya dasturlari doirasida 1,2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilishiga erishildi.
Senat qoʻmitalari tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida hududlarda 67 ta oʻrganish oʻtkazilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Hukumat aʼzolariga 5 ta parlament soʻrovi yuborildi. Senatorlar tomonidan joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholini tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlariga 200 dan ortiq soʻrov yuborildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning 17,1 ming murojaati koʻrib chiqildi. 6,5 mingga yaqin murojaat alohida nazoratga olinib, atroflicha oʻrganildi.
Jumladan, 5 mingga yaqin murojaat boʻyicha mualliflarga tushuntirish berildi, 700 dan ortiq ariza va shikoyatlardagi masalalar asosli deb topilib, ijobiy hal etildi.
Xalqaro parlament munosabatlari doirasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya tuzilmalari va biznes vakillari bilan oʻtkazilgan 170 dan ziyod uchrashuvlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama parlament aloqalarini va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida parlamentlararo guruhlarning 10 dan ortiq yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatiga uslubiy-amaliy yordam koʻrsatish uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda mahalliy Kengashlar deputatlari uchun muntazam ravishda oʻquv kurslari, seminarlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, Senat Raisi boshchiligida korrupsiya, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, xotin-qizlar masalalari, gender tenglikni taʼminlash, xalqaro reytinglar bilan ishlash kabi qator dolzarb yoʻnalishlarda milliy (respublika) tuzilmalar faoliyati izchil davom ettirildi.
Maʼlumot uchun: qayd etilgan yoʻnalishlarda olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimiz uchun ustuvor etib belgilangan 16 ta nufuzli xalqaro reytingda Oʻzbekistonning oʻrni koʻtarildi.
Majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida olib borilgan ishlar natijasida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi tomonidan 13 yildan beri (2009-2022-yillar) Oʻzbekiston paxtasiga qoʻllangan xalqaro boykot bekor qilindi.
Majlis davomida Senat faoliyati yakunlari koʻrib chiqilgach, 2023-yilga moʻljallangan parlament yuqori palatasining ustuvor vazifalari ham belgilab olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.