Bugun, 20-iyunda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Unda Senatning ellik uchinchi yalpi majlisini 2024-yil 21-iyunda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Taʼkidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
«Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida»gi, «Kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi, «Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida»gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, senatorlar «Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi hamda «Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida»gi qonunlarni ham koʻrib chiqadi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda «Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining yoki psixotrop moddalarning, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Qonunni ham muhokama qilish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi, «Tovar belgilari boʻyicha qonunlar toʻgʻrisidagi Singapur shartnomasini (Singapur, 2006-yil 27-mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunlar ham koʻrib chiqiladi.
Senatorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosini, Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha ishlar holati haqidagi masalalarni muhokama qiladi.
Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimiga nomzodni koʻrib chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisini saylash, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish masalalari ham koʻrib chiqiladi.