Unda Senat va Komissiya aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisiga kiritilgan masalalar, xususan, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi va “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisid”gi Qonunlar hamda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining koʻp kvartirali uy-joylarga xizmat koʻrsatilishi va boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligi boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot dastlabki tarzda muhokama etildi.
Taʼkidlangandek, joriy yil oʻtgan davrida qabul qilingan farmon va qarorlar, tasdiqlangan dasturlardagi vazifalar ijrosi oʻz navbatida qoʻshimcha moliyalashtirish manbalarini talab etadi.
Shu maqsadda 2021-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari boʻyicha oʻzgartish kiritilyapti.
Xususan, investitsiya dasturlari uchun 6,0 trillion soʻm, ayrim muassasalarga kiritilgan qoʻshimcha shtat birliklarini moliyalashtirish uchun 1,4 trillion soʻm va mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlariga 1,4 trillion soʻm ajratilishi belgilanyapti.
Shuningdek, joriy yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun rejalashtirilgan 3,0 trillion soʻm mablagʻlar toʻliq ishlatilganligi tufayli qoʻshimcha mablagʻ zaxirasini yaratish uchun 1,3 trillion soʻm ajratiladi.
Qonunda davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar ajratish hamda bolalar qamrovi ortganligi sababli 1,1 trillion soʻm qoʻshimcha subsidiya ajratish, shuningdek, “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 1,3 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga qonun bilan ushbu qoʻshimcha xarajatlarni qoplash manbalari ham belgilab beriladi.
Bundan tashqari, majlisda “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.
Senatorlar tomonidan qonunda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan bir qator normalar mavjudligi, shu jumladan “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisida”gi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunlar va boshqa tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga daxldor qonunchilikda belgilangan huquqiy normalar bilan muvofiqlashtirish lozimligi alohida qayd etildi.
Shundan soʻng Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining koʻp kvartirali uy-joylarga xizmat koʻrsatilishi va boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligi boʻyicha olib borilayotgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.
Koʻp kvartirali uy-joylarga xizmat koʻrsatilishi va boshqaruv kompaniyalarning samaradorligini taʼminlash maqsadida billing tizimini amalga joriy etish boʻyicha Prezidentning 2021-yil 19-iyundagi 5152-sonli qarori ijrosini taʼminlash, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan “Yagona hisob-kitob markazi” DUKlar faoliyatini talab darajasida yoʻlga qoʻyish, koʻp kvartirali uylarni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha hisob-kitob ishlarini yuritishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, “Obod uy” elektron dasturini samarali amalda qoʻllab borish kabi vazifalar ustuvor etib belgilab olinishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Majlis yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.