Unda Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisini 2024-yil 19-yanvarda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Taʼkidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

“Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar tomonidan “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 248-moddasiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlar muhokama etiladi.

Bundan tashqari, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlarni ham koʻrib chiqish rejalashtirilyapti.

Shu bilan birga, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi oʻrtasida mahkumlarni topshirish toʻgʻrisidagi Shartnomani (Tehron, 2023-yil 18-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Vetnam Sotsialistik Respublikasi oʻrtasida jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi Shartnomani (Xanoy, 2022-yil 14-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ham muhokama etiladi.

Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza haqidagi masalani koʻrib chiqadi.

Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirining irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti ham eshitiladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan parlament soʻrovini yuborish masalasi ham muhokama etish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.