Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nosirbek Abdullaxonov, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Malika Qodirxonova, respublika Markaziy banki boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Viktoriya Alekseyeva hamda "Nihol" nodavlat-notijorat tashkiloti direktori Shirin Rashidova ishtirok etgan tadbirda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, MISiS Olmaliq filiali, "Hunarmand" uyushmasi hamda kredit olib tadbirkorlik faoliyatini boshlagan tadbirkorlik subyektlaridagi xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlar yaqindan koʻzdan kechirildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Olmaliq shahar Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga joriy yilda xotin-qizlar tomonidan kelib tushgan jami murojaatlar soni 328 ta boʻlib, ularning 71 tasi davlat mehnat huquq inspektoriga ayollardan huquqini tiklash boʻyicha yoʻllangan. Shundan 5 tasi bola parvarishi uchun taʼtil pullari, 27 tasi esa korxona va tashkilotlar tomonidan oylik ish haqlari yuzasidan boʻlib, muammolar ijobiy hal etildi.
Shuningdek, Olmaliq shahrida xotin-qizlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha tadbirkor Z.Usmanova tomonidan koʻpgina ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahardan chekka hududda joylashgan A.Qodiriy, “Terakli” mahallalarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarga gilam toʻqish boʻyicha mashgʻulotlar tashkillashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 24 oktyabrdagi PQ 4498-sonli qaroriga asosan, shahardagi Xalq banki filiali tomonidan ishsiz, tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 61 nafar xotin-qizlarga 1 mlrd 463 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilgan. Bugungi kunda ular orasida yuridik maqomga ega boʻlmagan, yakka tartibdagi tadbirkor va uy sharoitidagi 102 nafar xotin-qizlar ham faoliyat olib borishmoqda.
Olmaliq shahar Kengashi deputati, "Hunarmand" uyushmasi raisi Matluba Oʻlmasovaning saʼy-harakati bilan hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha 21 nafar tadbirkor xotin-qizga 653 mln. soʻm, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 40 nafar ayolga 810 mln. soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.
Prezidentimizning “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan ayollar mehnati toʻliq yoki qisman qoʻllanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlarga jalb qilish holati yuzasidan joriy yil mobaynida murojaatlar kelib tushmagan. Umuman taqiqlangan kasb va vazifalarda xotin-qizlar mehnatidan foydalanish holatlari aniqlanmagan.
Jamoa shartnomalari bandlariga kiritilgan, shuningdek, kasaba uyushmalari raislari tomonidan nazoratga olingan, ikki yoshgacha bola parvarishidagi onalarga korxona, muassasa va tashkilotlar tomonidan bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha vaqt ajratilgan. Ish beruvchilar tomonidan ayollarga 60 yoshga toʻlgunga qadar mehnat shartnomasi (muddatli mehnat shartnomalari)ni bekor qilish toʻgʻrisida taqiq qoʻyilmagan.
Tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan ayollar Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlariga jalb etilib, tadbirkorlar uyushmasi Z.Usmonova, “Hunarmand” uyushmasi rahbari M.Oʻlmasovalar tomonidan ularga biznesini tashkil etish va yuritish koʻnikmalarini shakllantirish, biznes gʻoyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, xususan, biznes-reja tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qoʻllash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Oliy Majlis Senati ishchi guruhi hamda Toshkent viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamkorlikda boshqa shahar va tumanlarda ham mazkur yoʻnalishda oʻrganish tadbirlarini davom ettirmoqda.