Taʼkidlanganidek, qonun bilan yoʻl egasining huquq va majburiyatlari, transport vositalari egalarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida moddalar bilan belgilanyapti.

Senatorlar yoʻlning taʼmirlash ishlari olib borilayotgan uchastkalarida yoʻl harakatini tashkil etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, qonunga koʻra, yoʻl uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash yoki taʼmirlash boʻyicha ishlar bajarilayotganda yoʻlning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining koʻpi bilan 50 foizi oʻtish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkin. Yoʻl uchastkalarida qatnov qismining 50 foizidan koʻprogʻini yopish zarur boʻlgan taqdirda mazkur yoʻl uchastkalarini aylanib oʻtish taʼminlanishi kerak.

Qonun bilan koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarning belgilangan chegaralarida toʻxtab turish joylarini qurish toʻgʻrisidagi qarorlar hududni rejalashtirish boʻyicha tasdiqlangan hujjatlarga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinishi belgilanyapti. Bunda qurilish ishlari shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Toʻxtab turish joylarini joylashtirish ekologik xavfsizlikni taʼminlash hamda atrof-muhitga, aholining sogʻligʻi va osoyishtaligiga salbiy taʼsirni kamaytirish hisobga olingan holda amalga oshirilishi qayd etilyapti.

Qonun bilan elektr dvigatelda ishlaydigan transport vositalari uchun alohida joylar ajratilishi va bunday joylarda elektr quvvat manbalariga ulanish imkoniyati yaratilishi mumkinligi belgilanyapti.

Shuningdek, Qonunda pulli toʻxtab turish joylariga doir talablar, pulli toʻxtab turish joylari egalarining huquq va majburiyatlari ham alohida modda bilan belgilanadi.

Majlisda yoʻl harakati ishtirokchilarining huquq va majburiyatlariga alohida urgʻu berilib, Qonunda transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi normalar hamda haydovchilarni tayyorlashga doir talablar belgilanayotganligi, transport vositalarini boshqarish huquqi qaysi hollarda bekor qilinishi mumkinligi koʻrsatib oʻtilganligi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Taʼkidlangandek, mazkur Qonun yoʻllarda yurtdoshlarimiz xavfsizligini taʼminlash, yoʻl harakatini toʻgʻri va tizimli yoʻlga qoʻyish, mutasaddi organlar oʻrtasida samarali hamkorlikni joriy etish, shuningdek, yoʻl harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

“Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.