Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Toshkent shahar soliq boshqarmasi hamkorligida “Isteʼmolda boʻlgan transport vositalari va ehtiyot qismlar Sergeli bozori” MCHJga qarashli savdo majmuasida profilaktik tadbir oʻtkazildi.
Savdo markazida 1501 ta turgʻun savdo doʻkonlari mavjud boʻlib, oʻrganishlar natijasida tadbirkorlarning 16 nafari onlayn-NKT oʻrnatmagani, 35 nafari yanvar oyida chek urmagani maʼlum boʻldi.
Shuningdek, roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat koʻrsatayotgan 130 ta fuqarolardan 44 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 28 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlarga yordamchi sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. 58 tasi yuridik shaxslarga ishchi sifatida rasmiylashtirildi.
Hamkorlikda olib borilgan 3 kunlik tadbir natijasida bozorning savdo tushumi jami 18,5 mlrd soʻmni tashkil qilib, yanvar oyi holatiga koʻra, savdo markazidagi tadbirkorlardan davlat byudjetiga 2,3 mlrd soʻm soliq tushumi yoʻnaltirilishi taʼminlandi.