Sergelida sayyor qabul oʻtkazildi

    Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Alisher Maksudov poytaxtimizning Sergeli tumanida sayyor qabul oʻtkazdi.

    Unda internet nashrlari vakillari va blogerlar ham qatnashdi. Karantin talablariga rioya qilingan holda ochiq havoda tashkil etilgan uchrashuvning asosiy maqsadi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida fuqarolarni qiynab kelayotgan masalalarni murojaatchilar bilan yuzma-yuz tahlil qilish va bartaraf etishdan iborat boʻldi.

    Mazkur qabulda Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi hamda tumanlar inspektrlari ham ishtirok etib, koʻtarilgan muammolarni joyida oʻrganishdi.

    Koʻrib chiqilgan masalalar qanday yechim topgani bir haftadan keyin xuddi mana shu yerda qayta muhokama qilinishiga kelishilgani murojaatlar mualliflariga maʼqul boʻldi.

    Qabul davomida bironta muammo taalluqliligi boʻyicha rad etilmagani, aksincha, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ vakolatidagi yoki Toshkent shahar hokimligi tasarrufidagi “Maxsustrans”ga oid masalalarga ham qonun doirasida tushuntirishlar berilgani jurnalistlar eʼtiborini tortdi.