“Interlogistics” MCHJ hududidagi omborxonada yuz bergan yongʻin va portlash oqibatida jami 163 nafar kishi jabrlangan. Ularning 150 nafari yengil va 13 nafari ogʻir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro vafot etgandi.
IIV Tergov departamenti tomonidan mazkur holat ortidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani hamda jinoiy ish doirasida 4 kishi qamoqqa olinib, yana bir kishiga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qoʻllanilgani aytilgan edi.
Kuni kecha portlashda aybdor deb topilganlarga sud hukmi oʻqildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida mazkur ish koʻrib chiqildi.
Sud hukmiga koʻra, “Inter Logistics” MCHJ direktori F.S., qoʻriqlash (harbiylashgan, yongʻindan saqlanish, qorovullik) boshligʻi F.A., “Polychem” MCHJ direktori S.B. va ombor mudiri N.K. aybli deb topilib, ularning barchasiga 5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Mahkumlar tayinlangan jazoni manzil koloniyada oʻtashi belgilandi.
Shuningdek, jabrlanuvchi va fuqaroviy daʼvogarlarga Inter Logistics MCHJ va Polychem MCHJdan 282 milliard soʻm mablagʻ solidar tartibda undirilishi belgilandi.