Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik islohotlar jamiyat hayoti, insonlar qalbi va ongida ham yangilanish va taraqqiyotga daxldorlik hissini uyg'otmoqda. Bu albatta Navro'z bilan bog'liq azaliy qadriyat va an'analarga ham hamohangdir. U ellarni ellarga, dillarni dillarga bog'lashi bilan qadrli. Shu ma'noda Navro'zning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e'tirof etilgani bejiz emas.
Boqiy an'ana — Navro'z O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham katta bayram sayliga aylanib ketdi. Tadbirda O'zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Muzaffar Komilov, O'zbekiston xalq artisti, O'zbek milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa'diev, Akademiya professor-o'qituvchilari, xodimlar, akademik litsey, “Ziyo-zukko” umumta'lim maktabi o'qituvchi-o'quvchilari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Malaka oshirish markazi xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
ezgulik va bunyodkorlik qadriyatlarini targ'ib etguvchi bu bayram turli millat vakillari e'tiborini tortgani milliy g'urur bag'ishlaydi kishiga.
— Navro'z insonlar o'rtasidagi muloqotning jonlanishiga, birgalikda tayyorlanayotgan taomlar esa iliq munosabatlarning o'rnatilishiga sabab bo'lmoqda — dedi Toshkentdagi nemis evangel lyuteranlar cherkovi jamoasi rahbari, pastor Lyudmila SHmidt. — O'zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ushbu tadbir sabab men ham umrimda birinchi marta sumalak pishirish jarayonida ishtirok etdim va bundan juda xursandman. Men chin yurakdan barchangizga qalb xotirjamligini tilayman. Har biringizning xonadoningiz, hayotingizdan baxt arimasin!
Shuningdek, akademiyaga yurtimizdagi bir qator diniy konfessiya vakillari ham tashrif buyurdi.
Mehmonlarga Navro'z bayramining tarixi, uning boy ma'naviy-ma'rifiy ahamiyati haqida ma'lumot berildi. Doshqozonlarda qaynayotgan sumalak, bayramona muhit konfessiya vakillarida katta taassurot uyg'otdi.
O'zbekistondagi Rim-katolik cherkovi rahbari, episkop Eji Masulevich O'zbekistonda Navro'z bayramida insonlar o'rtasidagi mehr-oqibat yanada ortishi, ba'zi xalqlarda shu jihat etishmasligini alohida ta'kidlar ekan, “Navro'zning nishonlanishi xalqlarni bir-biriga yanada jipslashishini anglatadi. Zero, biz faqat virtual hayotda emas, bir-birimiz bilan do'stona muloqot qilib yashashimiz zarur. Men eng muhimi shu deb hisoblayman. Bu bayram katolik cherkovi vakili sifatida meni xursand qilmoqda. Qanday madaniyatda yashashimiz, qanday dinga e'tiqod qilishimizdan qat'i nazar, Navro'z bayrami qaytadan tug'ilish, yangilanish bayrami bo'lib qolaveradi. Uni birgalikda nishonlashimiz kerak”, dedi.
Qadim tarixga ega bo'lgan xalq bayrami munosabati bilan akademiyada yana bir ezgu tashabbus qanot yozdi. Iste'dodli, ijodkor talabalar o'rtasida “Nazmiy asarlar” tanlovi o'tkazilib, saralangan she'rlar kitob holida chop etildi. Asosiy bayram tadbirlari oldidan fakul`tetlar o'rtasida devoriy gazetalar tanlovi, shaxmat-shashka, kurash, stol tennisi, badminton, arqon tortish sport turlari bo'yicha musobaqalar o'tkazilgani ham bayram shukuhiga shukuh qo'shdi. Faol talabalar tashabbusi bilan tashkil etilgan hashar esa yoshlarni ezgu maqsadda birlashtirish barobarida ularni tabiatga oshno etdi. Bayram arafasida akademiyada ko'p yillar faoliyat yuritgan faxriy ustozlar xonadoniga borilib, sovg'a-salomlar bilan birga sumalak ulashilgani qadriyatlarimizning o'ziga xos bir ko'rinishini ifodaladi.
Sayl davomida yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillarining Navro'zni nishonlashga oid urf-odatlarni aks ettirgan sahna ko'rinishlari, she'riy-musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
— Barchangizni ko'rib turganimdan xursandman, – deydi Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O'zbekiston eparxiyasi Ta'lim bo'limi raisi, Toshkent pravoslav seminariyasi prorektori, protoieriy Sergiy Stasenko. —Navro'z shunday bayramki, hayotimizga yangi yo'nalish olib kiradi. Bu voqeaning hayotimizda borligi ajoyib hodisa. Shunday mo'jizaviy lahzalar uchun Yaratgandan minnatdor bo'lishimiz, mana shunday jannatmakon zaminda yashayotganimizdan shukronalik hissini tuyishimiz kerak. Barcha O'zbekiston fuqarolarini Navro'z bayrami bilan tabriklayman.
Ko'tarinki kayfiyatda o'tgan tadbirda xalq o'yinlari (kurash, arqon tortish, tosh ko'tarish) hamda “Varrak shou” o'yinlari tashkil etildi. Bahoriy taomlar tanlovi, sumalak sayli, mazali osh tayyorlash musobaqalari o'tkazildi. G'olib va sovrindorlarga mutasaddilar tomonidan esdalik sovg'alari topshirildi.
Milliy atlas va adras liboslari, turli millat xalq hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi namoyish etildi. Akademiya talabalari tomonidan “Quvnoqlar va zukkolar” ko'rik-tanlovi, yurtimiz turli viloyatlarining o'ziga xos urf-odatlari aks etgan sahna ko'rinishlari, respublika Milliy-madaniy markazlar ansambllarining badiiy chiqishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi.
“Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi tomonidan kibersport bo'yicha o'tkazilgan musobaqa ham tomoshabinlar e'tiborini qozondi.
Munojat MO'MINOVA,
Yangi O'zbekiston muxbiri