Iste'molchi mahsulot xarid qilayotganda, albatta, uning qadog'idagi ma'lumotlar bilan tanishishi lozim. Belgilangan me'yorlarga asosan, mahsulot yorlig'idagi ma'lumotlar aniq va davlat tilida yozilgan bo'lishi talab etiladi. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsuloti yorlig'idagi ma'lumot iste'molchida shubha uyg'otsa, ushbu tovarni xarid qilmagan ma'qul.

“O'zstandart” agentligi huzuridagi departament va O'zbekiston iste'molchilar xuquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamkorligida “Oziq-ovqat mahsulotini tamg'alash yuzasidan uning xavfsizligi to'g'risida”gi umumiy texnik reglament talablarining bajarilishi o'rganildi.

Poytaxtimizdagi savdo rastalarida sotilayotgan, Rossiya Federatsiyasidan yurtimizga import qilingan, "Ostankino-novыy standart” MCHJ, “Starodvorskie kolbasы” va “Ostankinskiy myasopererabatыvayuщiy kombinat”da ishlab chiqarilgan kolbasa va sosiska mahsulotlari yorlig'ida ozuqaviylik qiymati (uglevodlar miqdori) to'liq ko'rsatilmagani, yorlig'idagi ma'lumotni o'qish imkoniyati mavjud emasligi va markirovkasi davlat tilida yozilmagani aniqlandi.

Natijada mahsulotni imkort qilgan savdo muassasasi nomiga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirib bergan sertifikatlashtirish idorasi mas'ul xodimlariga nisbatan ma'muriy choralar ko'rildi, deb xabar beryapti “O'zstandart” agentligi matbuot xizmati.