Seulda Oʻzbekiston-Koreya turizm forumi boʻlib oʻtdi

    Turizm 3 Oktabr 2024 476

    Seulda “road show” tadbirlari doirasidagi Oʻzbekiston-Koreya turizm forumi oʻtkazildi.

    Forumda Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev va Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov ishtirok etdilar.

    Forum ishiga ikki davlatning 100 dan ortiq turizm sohasi vakillari jalb etildi.

    Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonning boy sayyohlik salohiyati va madaniy merosini targʻib etish, sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.

    Oʻzbekistonlik turoperatorlar oʻz mahsulotlari va noyob yoʻnalishlari haqida faol maʼlumot berib, Oʻzbekistonning koreyalik sayyohlar uchun jozibadorligini namoyish etdi.

    Ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalari oʻrnatilib, hamkorlik imkoniyatlari muhokama etildi va turistlarni joʻnatish boʻyicha shartnomalar imzolangan B2B uchrashuvlari forumning muhim qismi boʻldi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi bilan yaqindan tanishib, milliy taomlardan tatib koʻrdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Forum Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi turizm aloqalarini rivojlantirish, oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochish yoʻlida muhim qadam boʻldi.