Muxbirimiz O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor Vohidxon ISMOILOV bilan suhbatlashib, mavzuga doir savollarga javob oldi.

— Bugun Yer yuzida global seysmik faollik ekstremal darajaga chiqqani aytilmoqda. Bu sayyorada yangi zilzila va vulqon o‘choqlari faolligi oshadi, deganidir.  Ilmiy jihatdan bu farazlar qanchalik  asosli?

 — Bu o‘rinsiz va asossiz prognoz. Bundan 20-30 yil ilgari internet tarmoqlari u qadar rivojlanmagan edi. Dunyoda bo‘layotgan tabiiy jarayonlar hozirgidek turlicha talqin qilinmasdi. Internet tarmog‘i rivojlanishi mana shunday o‘rinsiz vahimalarni keltirib chiqaradi. Ayni paytdagi jarayonlar oddiy, tabiiy va odatdagidek yuz bermoqda.

— O‘zbekistonda seysmik zilzila xavfidan oldindan ogohlantiruvchi tizim ishlab chiqilganmi?

— Zilzila bir necha soniyada yuz beradi. Shu paytda elektr, gaz tarmog‘ini darhol o‘chirish, binoning xavfsiz nuqtasida saqlanish va boshqa zarur chora-­tadbirlar haqida maxsus ko‘rsatmalar mavjud. Ammo zilzila xavfidan barvaqt ogohlantiruvchi tizim hali ishlab chiqilmagan. Bu tizimni yo‘lga qo‘yish juda katta sa’y-­harakatni talab qiladi. Chunki o‘rnatiladigan uskunalar, seysmopriyomniklar, ma’lumotni qabul qilib, har bir hududga yetkazib beradigan mukammal tizim yaratilishi zarur. Buning uchun juda katta mablag‘ va vaqt kerak. Bu sa’y-­harakat kelajakda o‘zini qanchalik oqlashini ham vaqt ko‘rsatadi.

Lekin bir faktni ishonch bilan aytish mumkin. Yurtimizda 60 ga yaqin seysmologik va 30 ga yaqin punktda magnit maydon o‘zgarishini o‘rganuvchi stansiyalar hamda yer osti suv tarkibi o‘zgarishini tadqiq qiluvchi 20 dan ortiq punkt mavjud. O‘sha ma’lumotlarga asoslangan holda o‘z tahlillarimizni berib boryapmiz. Xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibidagi Respublika seysmoprognostik monitoring markazi va Seysmologiya instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda har hafta butun mamlakatimiz bo‘ylab seysmik prognostik punktlardan doimiy olingan ma’lumotlar tahlil qilinadi. Shu asosda O‘zbekiston bo‘yicha seysmik holat muntazam baholab boriladi. Bu jarayon har hafta payshanba kuni amalga oshiriladi. So‘nggi payshanbada O‘zbekiston hududida 5 balldan yuqori zilzila kutilmayapti, degan prognoz berilgan. Agar prognoz buning aksini ko‘rsatsa, darhol yuqori tashkilotlarga ogohlantirish xati jo‘natiladi.

Hozir Seysmologiya institutida qator ilmiy izlanishlar olib borilyapti. Jumladan, maxsus uskunalarni ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. Zilzila yuz bergan holatda ham uning to‘lqini keyingi aholi punktiga yetib borguncha ogohlantirish signallarini joriy qilish vazifasi turibdi. Bu bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar qilyapmiz. Yaqin besh yilda bu maqsadimiz ro‘yobga chiqadi. Buning uchun hamkor tashkilotlar, zarur anjomlarni ishlab chiqaradigan korxona va albatta, salmoqli mablag‘ talab etiladi. Niyatimiz amalga oshsa, tabiiy ofat xavfidan tezkor ogohlantiruvchi uskunalar butun mamlakatimizga tarqatiladi. Bunday jihozlarni har bir ma’muriy bino, xususan, ta’lim­-tarbiya muassasalarida o‘rnatish kerak. Yaponiyada xuddi shunday tizim joriy qilingan.

Institutimiz olimlari tomonidan yirik shaharlarning seysmik mikrorayonlashtirilgan xaritalari ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda bu ishlar jahon tajribasiga asoslangan holda davom etmoqda. 2022 yilda Andijon, Namangan, Farg‘ona hamda Yangi Andijon shahrining seysmik mikrorayonlashtirilgan xaritalari mikroseysmik ballarda va cho‘qqi tezlanishlarda ishlab chiqildi. Bu xaritalarda shahar hududining qaysi qismida necha ball va tezlanishli silkinish yuzaga kelishi mumkinligi aks etadi. Silkinishlarning miqdori va boshqa parametrlari keltiriladi. Bino va inshootlar qurilishidan oldin aynan shu xaritalarga asosan loyihalashtiriladi. Misol uchun, bu yil Toshkent shahrining qaysi qismida necha balli silkinish yuzaga kelishi mumkinligi ham xaritada aks ettiriladi. Qurilish, loyihalash tashkilotlari aynan shunga ko‘ra loyihalash ishlarini bajaradi. Menimcha, hozirgacha qurilgan yangi inshootlar mana shu mezonlar asosida barpo etilgan hamda xarita 

da ko‘rsatilgan balli silkinishga bardosh beradi.

— Seysmologlar zilzila xavfini zamonaviy matematik modellar orqali prognoz qila olishi mumkinmi?

— Hozir sun’iy intellektni jalb qilish orqali ko‘p sohalarda muvaffaqiyatga erishilmoqda. Jumladan, seysmik xavfni baholashda ham foydalanilmoqda. Umuman, matematik modellashtirish keng qo‘llanadi. Ammo maqsadli ayrim yo‘nalishlarda, ya’ni zilzilani prognoz qilishda matematik model ish bermaydi. Chunki birinchi zilzila hech qachon ikkinchisiga o‘xshamaydi. Birinchidan, ularning kelib chiqish mexanizmi har xil bo‘ladi. Joylarning geologik tuzilishi bir-­biridan tubdan farq qiladi. Shu sababli yer silkinishi holatlari ham bir­biriga o‘xshamaydi. Jarayonning vujudga kelishi, tuzilishi har xil bo‘lganidan keyin undan kutilayotgan oqibatlar ham turlicha bo‘ladi. Hozirgi matematik modellar butun yer yuzida jamlangan tajribaning umumlashmasi asosida tuzilgan. U ayrim konkret hollarda ish bermasligi mumkin. Ba’zi hollarda esa naf beradi. Lekin jarayon shunchalik murakkab, bu model dunyo miqyosida hali ish bergan, deb baralla ayta olmaymiz. Zilzilani oldindan aytib berish mumkinmi, degan savol har doim dolzarb bo‘lgan. Butun boshli institutlar nazariy tomondan shug‘ullanadi, lekin ular hali ham zilzilani oldindan aytib bera olmaydi. Ammo ilmiy jihatdan shug‘ullanishimiz, o‘rganishimiz shart. Chunki bugun bo‘lmasa, ertaga yoki indin bu borada biror yangilikka erishishga umid qilamiz.

Zilzilani prognoz qilish asrimiz ilm-­fanining muammosi. Butun dunyo olimlari shu sohada tadqiqotlar olib boryapti. Lekin buning uddasidan hali chiqilgani yo‘q. To‘g‘ri, uzoq muddatli — 10 va undan ortiq yillarda sodir bo‘lishi kutilayotgan, o‘rta — bir yil davomida yuz berishi ehtimoldagi va qisqa muddatli — bir oy ichida kuzatiladigan zilzilalar darakchilari mavjud. Bizning prognoz hay’atimiz, asosan, qisqa va o‘rta muddatli zilzilalarni prognoz qilish bilan shug‘ullanadi. Ammo baribir yer silkinishini oldindan aytish mushkul. Bu juda qiyin va ko‘p omilga tayanadigan masala. Shu bois, yer qa’rini o‘rganishimiz, ilmiy va amaliy tadqiqotlar qilishimiz kerak. Odatda zilzilaning hosil bo‘lish nuqtasi 10-­25 kilometr chuqurlikda bo‘ladi.

— Mamlakatimizning markaziy shaharlarida barpo etilayotgan yangi inshootlarning zilzilabardoshligi bo‘yicha keng qamrovli professional xatlovlar o‘tkazilyaptimi?

— Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 iyundagi “Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarni shakllantirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mamlakatimizdagi mavjud hamda yangi bino va inshootlar, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-­joylarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur ma’lumotlarni nazarda tutuvchi elektron texnik xatlov o‘tkazilishi kerak. O‘tgan yili O‘zbekiston bo‘yicha ijtimoiy ob’yektlar (maktab, bog‘cha, shifoxonalar)da bu ish bajarildi. Tekshiruvlarda bir necha yuzlab binoning seysmik bardoshligi zaif ekani aniqlandi. Ularni qayta ta’mirlash, ko‘p kvartirali uy-­joylarning konstruktiv tizimi, qurilish maydonining seysmik darajasi, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar materiallarining mustahkamlik ko‘rsatkichini oshirish masalalari ko‘tarildi. Ayni paytda ham bu ishlar davom etmoqda.

Mazkur qaror asosida mamlakatimiz bo‘yicha normativlar asosida qurilgan bino va inshootlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish belgilangan. Bu xatlov hozir elektronlashgan texnik pasport deyiladi. Tegishli tekshiruvdan o‘tkazilganidan keyin har bir binoning pasporti tuziladi. Pasportdan inshootning zilzilaga ta’sirchanligi, buzilishi yoki saqlanishi haqida ko‘rsatmalar o‘rin oladi. Shu paytgacha yurtimizdagi ma’muriy va ijtimoiy binolarning 90 foizi  to‘liq xatlovdan o‘tkazib bo‘lindi. Ularga oid ma’lumotlar yaxlit platformada yig‘ilyapti. Tez orada qolgan 10 foiz inshoot xatlovdan to‘liq o‘tkazib bo‘linadi. Shunday qilib, har bir binoning o‘z pasporti bo‘ladi va u har besh yilda yangilanishi kerak. Demak, har besh yilda bino zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkaziladi.

Tegishli mutasaddi tashkilotlar hamkorligida mamlakat bo‘yicha qariyb har bir binoning holati o‘rganilib, seysmik xatarlilik xaritasi tuzildi. Bundan buyon seysmik xarita yangi ma’lumotlar bilan takomillasha boradi. Bu ishlarning barchasi, albatta, qonunchilik bilan tartibga solingan. Har bir bino qurilgandan keyin ekspluatasiyaga topshirilayotgan paytda zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shundan keyin foydalanish uchun qabul qilinadi yoki sotuvga qo‘yiladi.

— Sodir bo‘lgan zilzilalarning O‘zbekistonga ta’siri qanday?

— O‘rta yer dengizi Osiyo seysmik kamariga mansub joy. Turkiya ham, O‘zbekiston ham shu kamarga kiradi. Biroq ularning bir-­biriga to‘g‘ridan-­to‘g‘ri bog‘liqligi yo‘q. Yer qobig‘i bo‘lak tuzilishga egaligi sabab Turkiyada yuz bergan zilzilaning ta’siri O‘zbekiston hududida sezilmaydi. Aslida, yer qimirlashining sababi uning qobig‘idagi tektonik yoriqlar bo‘yicha plitalar harakatiga bog‘liq. Tektonik plitalarning harakat yo‘nalishi har xil bo‘lgani tufayli o‘zaro to‘qnashuvi natijasida yer qa’rida kuchlanish vujudga keladi. Natijada qaysidir plitada kuchlanish ko‘payib, yerning yorilishiga sabab bo‘ladi. Yer yorilishidan paydo bo‘lgan qayishqoq to‘lqinlar zilzilani sodir qiladi. Turkiyada yuz bergan zilzila Hindiston, Avstraliya metasferasi bilan Arabiston plitasi va shimoldan Yevroosiyo plitasining o‘zaro to‘qnashuvi jarayonida hosil bo‘lgan. Bu umumiy global faollashuv davrida namoyon bo‘layotgan holat, ammo biri ikkinchisiga to‘g‘ridan-­to‘g‘ri ta’sir qilmaydi.

Zilzilaning kuchi chuqurligiga bog‘liq. Tinch okeani halqasida 7­-8 ball atrofidagi kuchli zilzilalar tez­-tez ro‘y beradi. Lekin ularning chuqurligi 150­-200, hatto 720 kilometrgacha boradi. Biroq yer yuziga chiqqanidan keyin ta’siri kamayadi. Shu sabab bunday zilzilalar yer yuzasida uncha talafot keltirmaydi. Bizning hududda zilzilaning chuqurligi 15­-20 kilometr bo‘ladi. Shu sabab yer qimirlashi seziladi.

Yuz bergan zilzilaning O‘zbekistongacha yetib kelgan to‘lqini juda katta hajmli uskunalar yordamida qayd qilindi. Odamlar deyarli sezmadi. Bu yerga kelgan to‘lqinlar amaliy ahamiyatga ega ham emas. Chunki O‘zbekiston hududida har kuni 2,5­-3 balli zaif zilzilalar 30-­40 martagacha sodir bo‘lib turadi.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

 Risolat Madiyeva suhbatlashdi.