Qonunga koʻra, seysmik xavfsizligi taʼminlanadigan obyektlar ahamiyatiga koʻra quyidagi toifalarga boʻlinadi:

➖ I toifa – xavflilik omili past boʻlgan obyektlar;

➖ II toifa – xavflilik omili oʻrtacha boʻlgan obyektlar;

➖ III toifa – xavflilik omili yuqori boʻlgan obyektlar;

➖ IV toifa – xavflilik omili juda yuqori boʻlgan obyektlar.

Oʻzbekiston hududida seysmik xavfni baholash Fanlar akademiyasi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Seysmik faol zonalarda joylashgan, qurilish normalari va qoidalariga muvofiq loyihalashtirilgan hamda qurilgan II–IV toifadagi obyektlar har 5 yilda zilzilabardoshlikka doir vizual tekshiruvdan oʻtkaziladi.

Seysmik faol zonalarda joylashgan III–IV toifadagi obyektlar har 10 yilda zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim.

Seysmik faol zonalarda yangi qurilgan III–IV toifadagi obyektlar ishga tushirilayotganda zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan majburiy tartibda oʻtkaziladi.

IV toifadagi obyektlarga taalluqli suv omborlari toʻgʻonlarida va gidroelektrostansiyalarda instrumental-texnik tekshiruvlar bir yilda ikki marta oʻtkaziladi.

Suv omborlari toʻgʻonlarining instrumental-texnik tekshiruvlari seysmik faol hududlarda sodir boʻlgan har bir kuchli zilziladan keyin majburiy tartibda oʻtkaziladi.

Qonunga koʻra, kuchli zilzilalar natijasida yetkazilgan zararni baholashga doir ishlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi.