Shaffof brendi ostidagi gaz shoxobchalar masʼullariga sud hukmi oʻqildi

    Oʻzbekistonning turli hududlarida Shaffof brendi ostida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalari masʼullariga hukm oʻqildi.

    Sud hujjatlarida keltirilishicha, Shaffof brendi ostidagi MCHJlar taʼsischilari – Ulugʻbek va Oybek Toshmatov boshqa shaxslar bilan til biriktirib, birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun uyushgan guruh tuzgan. Ular 2018-2023-yillar davomida 56 ta Shaffof savdo belgisi ostida faoliyat olib borgan MCHJning 1 trln 376 mlrd 560 mln soʻmlik savdo tushumlarini yashirib, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarini juda koʻp miqdorda buzgan. Sudlanuvchilar 2018-2023-yillar davomida Shaffof savdo belgisi ostida faoliyat olib borgan MCHJlarning soliq hisobotlarini yashirib, qasddan koʻrsatmasdan 447,5 mlrd soʻm soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni ham toʻlamagan.

    Shuningdek, Ulugʻbek va Oybek Toshmatov 29 ta holatda 206,5 mlrd soʻmlik jinoiy faoliyat natijasida topgan daromadlarining kelib chiqishiga qonuniy tus berish maqsadida ushbu mablagʻlarga gaz quyish shoxobchalari, avtomashina va turar joy sotib olgan.

    Bundan tashqari, aka-uka boshqalar bilan til biriktirib, oʻzlari tashkil qilgan “Shaffof sement sanoat” MCHJ nomiga Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasidan ohaktosh va qumtosh qazilmagohini geologik jihatdan oʻrganish uchun litsenziyalar olgan. Aslida mazkur litsenziyalar ohaktosh va qumtosh qazilmagohlarini geologik jihatdan oʻrganish huquqini beradi, foydali qazilmalarni qazib olish huquqini emas. Uyushgan guruh buni oldindan bilgan holda “Shaffof” ohaktosh konidan 21,731 metr kub, slanes konidan 1,505 metr kub, “Shaffof-2” qumtosh konidan 3,350 metr kub, “Kamishboshi” konidan 4,741 metr kub foydali qazilmalarni qazib olishgan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 15 mlrd 602 mln soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

    Uyushgan guruhning soliq toʻlashdan boʻyin tovlash jinoyatlari oqibatida Fargʻona viloyat soliq boshqarmasiga 397 mlrd 132 mln soʻm, Namangan viloyat soliq boshqarmasiga 8 mlrd 137 mln soʻm, Andijon viloyat soliq boshqarmasiga 39 mlrd 305 mln soʻm, Toshkent viloyati soliq boshqarmasiga 2 mlrd 149 mln soʻm hamda Toshkent shahar soliq boshqarmasiga 867 mln soʻm zarar yetgan.

    Sud hukmi Ulugʻbek Toshmatov va Oybek Toshmatov Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi (Soliqlar yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash), 189-moddasi 1-qismi (Savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish), 229-moddasi (Oʻzboshimchalik) va 243-moddasida (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 9-yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

    Ish doirasida Olim Nurmatovga 5-yil, Rustamjon Abdullayevga 3-yil, Abdurashid Mamajonovga 3-yil 6 oy, Jaloliddin Ikromiddinovga 5-yil, Anvarjon Nishonovga 4-yil 2 oy, Adbulazizjon Tojiyevga 5-yil, Ahadjon Toshtemirovga 3-yil, Sherzodjon Umarovga 3-yil, Farrux Mamajonovga 3-yil 6 oy, Omonjon Mirzayevga 3-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazo tayinlangan. Azimjon Turgʻunboyevga 5-yil ozodlikni cheklash, Eldor Qosimovga ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2-yil axloq tuzatish ishlari, Azam Rizayevga 4-yil ozodlikni cheklash jazosi berilgan. Ularning barchasi Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

    Ish doirasida 80 ga yaqin metan shoxobcha va noturar bino-inshootlar, 120 ga yaqin yuk va yengil avtomobillar sotilib, sotuvdan tushgan pullar yetkazilgan moddiy zararni qoplashga yoʻnaltirilishi belgilangan. Shuningdek, 4 ta uy, 30 ga yaqin “metan zapravka” hamda bitta Cadillak escalade-4 avtomobili xatlanib, davlat egaligiga oʻtkazilgan.