Tantanali marosimda Agentlikning viloyat boshqarmasi, tuman, shahar markazlari hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari masʼul xodimlari, shuningdek, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

Oʻtgan 3 yil ichida mamlakatimizda davlat xizmatlari agentligi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish, xalqning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar oʻzining ijobiy samarasini berdi. Avvallari faqat yuridik shaxslar uchun xizmat qilgan tizim bugun aholi va tadbirkorlarga 148 ta xizmat turini koʻrsatib kelmoqda.

Dastlab Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyat boshqarmasining mobil avtobusi hamda tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari uchun ajratilgan “Damas” avtomashinalari bayramona bezatilib, aholiga xush kayfiyat ulashish maqsadida viloyat markazi boʻylab aylandi. Ha, mazkur avtoulovlarni bilmagan, uning xizmatidan foydalanmagan fuqarolar deyarli kam.

Shodiyona sabab kishilarga quvonch bagʻishlash istagida shahar koʻchalarini kezgan DXA karvoni belgilangan hududlardan soʻng Namangan shahar davlat xizmatlari markaziga keldi.

Xabaringiz bor, aholiga tez, qulay va shaffof xizmat koʻrsatishni amalga oshirish uchun bundan roppa-rosa 3 yil avval Oʻzbekiston respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgandi. Xoʻsh, bu agentlik fuqarolarga qanday imkoniyatlaru qulayliklarni tuhfa qildi. Dastlab faoliyat boshlaganida 30 ga yaqin davlat xizmatlarini koʻrsatgan boʻlsa, hozirda ularning soni 148 taga yetdi. Viloyatdagi barcha tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari faoliyati takomillashtirilib, xizmat koʻrsatish sifati, koʻlami va saviyasini yuksaltirishda arzirli ishlar bajarildi.

Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi tuman va shahar davlat xizmatlari markazlari orqali 2019-yilda fuqarolarga 941 mingdan ortiq davlat xizmati koʻrsatilgan. Taʼkidlash joiz, pandemiya boʻlishiga qaramay, joriy yilning 10-dekabriga qadar fuqarolarga 542 mingdan ortiq xizmat koʻrsatishga erishildi. Quvonarlisi, bularning 18 mingga yaqini tadbirkorlik subyektlariga toʻgʻri keladi.

Tadbirda uch yil davomida fuqaro murojaatlariga tezkorlik bilan javob bergan, davlat xizmatlari agentligi elektron tizimiga integratsiyalashgan davlat tashkilotlari va idoralari xodimlari, qolaversa, koʻrsatilayotgan xizmatlar va yangi xizmat turlari haqida aholi xabardorligini tezkor va tahliliy taʼminlashda qoʻshgan hissasi uchun ommaviy axborot vositalari vakillari, tizimda namunali faoliyat yuritayotgan bir guruh DXAchilar Agentlik Namangan viloyati boshqarmasining faxriy yorligʻi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Markazga tashrif buyurgan fuqarolarga ham esdalik sovgʻalari topshirildi.

- Umuman, davlat xizmatlari sohasidagi saʼy-harakatlar koʻlami yildan-yilga ortmoqda. Toʻgʻri, xato va kamchiliklar ham yoʻq emas, lekin ayni tashkilot odamlarning vaqti va mablagʻi tejalishiga, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga koʻmaklashayotgani, davlat xizmatlari markazlari faoliyatidan koʻpchilikning koʻngli toʻlayotgani rost, albatta. 
Yaqinda jurnalist va blogerlar uchun biz yoʻlga qoʻygan media-turda ishtirok etib, DXMning Namangan shahridagi “Orzu” filiali va Pop tumanining Chodak qishlogʻidagi “Istiqlol” filiali misolida haqiqiy holatni kuzatib qaytgan hamkasblarimiz viloyat markazida ham, chekka tumanda ham xizmat koʻrsatish sifati bir xil ekanligini alohida eʼtirof etishdi, - deydi DXA Namangan viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Foziljon Joʻraboyev.

Darvoqe, tuman va shahar davlat xizmatlari markazlarini qurib foydalanishga topshirishda, ularning zamonaviy mebellar, eng soʻnggi axborot kommunikatsiyalari bilan jihozlanishida hokimlar ham jonbozlik koʻrsatishmoqda. Axir har bir tuman rahbari oʻz fuqarolarining yaxshi sharoitda yashashi, chiroyli joylarda xizmatlardan sifatli foydalanishini xohlaydi.
Shunday faol mutasaddilardan biri Uychi tumani hokimi Muhammadayubxoʻja Oppoqov milliy hamda zamonaviy arxitektura-qurilish qiyofa va imkoniyatlarini oʻzida mujassamlashtirgan Davlat xizmatlari markazi innovatsion binosining barpo etilishida qoʻshgan munosib hissasi uchun Agentlikning tashakkurnomasi va esdalik sovgʻasi bilan mukofotlandi.

Tashakkurnomani DXA Namangan viloyat boshqarmasi boshligʻi Ilhomjon Abdusattorov oʻz egasiga topshirdi.

Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining

Namangandagi muxbiri.