Senatda “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi 3-yilda 100 mingga yaqin obyektlar qurilishi ustidan Qurilish inspeksiyasi tomonidan davlat nazorati oʻrnatilgan.

Shunga qaramay ayrim quruvchilar tomonidan belgilangan normalarga amal qilmaslik holatlari ham ortib bormoqda. Jumladan, 2022-yilda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish bilan bogʻliq 6 mingdan ziyod huquqbuzarlik aniqlangan boʻlsa, 2023-yilda bu raqam qariyb 8 mingtani tashkil qilgan. 2024-yilning faqatgina 11 oyida esa bu koʻrsatkich qariyb 9 mingtani tashkil etgan.

Aniqlangan sifatsiz qurilish-montaj ishlari boʻyicha 4 mingdan ziyod obyektda qurilish ishlari toʻxtatilib, uch yil mobaynida 1,5 mingga yaqin buzdirish ishlari amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan noqonuniy qurilishni amalga oshirish holatlari ham koʻpayib bormoqda. Xususan, 2022-2024-yilning oʻtgan davrida 13 mingdan ortiq obyektda davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Bu kabi kamchiliklarga turli tashkiliy hamda huquqiy boʻshliqlar mavjudligi ham sabab boʻlmoqda.

Xususan, ruxsatsiz qurilishni amalga oshirish, bosh rejaga, obyektlarni foydalanishga qabul qilish qoidalariga rioya qilmaslikni hamda koʻp kvartirali uylarni oʻzboshimchalik bilan yertoʻla va birinchi qavatini buzish yoki rekonstruksiya qilganlik uchun belgilangan maʼmuriy jarimalar taʼsirchanligining pastligini misol sifatida keltirib oʻtish mumkin.

Hatto qonunchilikda loyihachi tomonidan beriladigan koʻrsatmalarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.

Bu esa Qurilish inspeksiyasi va loyihachilarning koʻrsatmalari buyurtmachi tomonidan bajarilmasligiga sabab boʻlmoqda.

Koʻp kvartirali uylarning yertoʻla va birinchi qavati tayanch qismini oʻzboshimchalik bilan buzish yoki rekonstruksiya qilib, noturar obyektga aylantirish holatlari ortib bormoqda.

Soʻnggi yillarda xorijiy mamlakatlarda, xususan Turkiya, Marokash va Suriyada sodir boʻlgan kuchli zilzilalar oqibatida yuzaga kelgan turli xil talafotlar mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni taʼminlash, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan bir qator manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda.

Ayniqsa, aholi va hududlarni seysmik xavfdan himoya qilish borasida aniq maqsadga yoʻnaltirilgan dasturlarni va ilmiy tadqiqotlarni doimiy amalga oshirib borish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslari hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga qurilishlar sifatini oshirish, binolar va inshootlar qonunga xilof ravishda qurilishining oldini olish hamda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashga oid tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksning 2293-moddasiga qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, obyektlarni qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasiz qurganlik, koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda oʻzgartirganlik va (yoki) rekonstruksiya qilganlik, uchun shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa jinoiy javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi odam oʻlimi yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, bu uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan oʻzgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilangan jarima jazolari kuchaytirilmoqda.