Shahrisabz va Qamashi tumanlarining togʻli hududlarida zamonaviy turizm obyektlari barpo etiladi

    Turizm 4 Dekabr 2023 1591

    Oʻzbekiston Prezidentining “Qashqadaryo viloyatining togʻli-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat koʻrsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qilindi.

    Hujjatga koʻra, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida Shahrisabz tumanining “Miraki”, “Amir Temur”, “Uloch” va “Polmon” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududidagi umumiy maydoni 240 gektar boʻlgan yer uchastkasida zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualari va turizm infratuzilmasi obyektlari qurilishi boʻyicha reja ishlab chiqariladi.

    Qarorda, shuningdek, Qamashi tumanining “Katta oʻra” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi umumiy maydoni 58,6 gektar boʻlgan yer uchastkasida mehmonxona, sogʻlomlashtirish sanatoriysi, umumiy ovqatlanish obyektlari, dor yoʻllari, togʻ-changʻi kompleksi va boshqa turistik ahamiyatga ega obyektlar barpo etishni nazarda tutuvchi master loyihasi ishlab chiqilishi qayd etilgan.

    Bundan tashqari, Shahrisabz tumani hududidagi umumiy maydoni 240 gektar boʻlgan yer uchastkasida “Shahrisabz” turistik markazi, Qamashi tumani hududidagi umumiy maydoni 58,6 gektar boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasida “Maydanak baland togʻ” turistik markazi tashkil etiladi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qarorga binoan, “Shahrisabz” va “Maydanak baland togʻ” turistik markazlarini rivojlantirish va boshqarish uchun davlat muassasasi shaklida Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti tashkil etiladi. Hujjat bilan “Shahrisabz” va “Maydanak baland togʻ” turistik markazi hududi chegaralari ham tasdiqlandi.

    Unga koʻra, Shahrisabz tumanining “Miraki”, “Amir Temur”, “Uloch” va “Polmon” mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda Qamashi tumanining “Katta oʻra” mahalla fuqarolar yigʻini hududlarida xususiy investitsiyalarni jalb qilgan holda 2024-2025-yillarda qoʻshimcha mehmonxonalar, mehmon uylari, xizmat koʻrsatish majmualari va dam olish maskanlarini qurish maqsadida boʻsh yer uchastkalarini 10 yil muddatda teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan auksion savdolariga chiqariladi.