Shahrisabzda “Yoshlar turizmi” qurultoyi boshlandi

    Keyingi avlod 10 Avgust 2022 2345

    Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida “Yoshlar turizmi” qurultoyining rasmiy ochilish marosimi oʻtkazildi.

    Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilayotgan qurultoyning ochilish marosimida Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nutq soʻzladi.

    “Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga doir davlat siyosati amaldagi islohotlarimizning asosiy yoʻnalishlaridan birini tashkil etadi. Kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ham iqtidorli yoshlarga yanada keng imkoniyatlar berildi. Jumladan, yosh mutaxassislarni tanlash Dasturi doirasida bitiruvchi kurslardagi qobiliyatli talabalar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida amaliyot oʻtashi va oʻqishni tamomlagach, ishga qabul qilinishi belgilandi. Buning natijasida mahalladan – respublikagacha tamoyili asosida kadrlarni shakllantirish tizimi yaratiladi. — dedi vazir. — Oʻylaymanki, bugungi Qurultoy ham iqtidorli yoshlarni saralash, ularning turizmni rivojlantirishga oid loyihalarini qoʻllab-quvvatlash orqali malakali mutaxassislarni tayyorlash, yoshlar bandligini taʼminlashga asos boʻlib xizmat qiladi”.

    Qurultoyning birinchi kunida 15 mingdan ortiq kishi qatnashdi. Ularning 700 nafardan ortigʻi Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan yoshlardir. Bundan tashqari, tadbirda boshqa mamlakatlardan kelgan xorijlik ishtirokchilar ham ishtirok etdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.