Qishloq tuman markazidan 85 kilometr masofada joylashgan. Hududga “Hisorak” suv omboridan soʻng faqat togʻda yurishga moslashgan maxsus mashinalarda yetib borish mumkin.
Aholi vakillari rahbarlar bilan muloqotda oʻzlarini qiynayotgan bir qator muammolarni qayd etishdi.
— 1300 dan ortiq aholi istiqomat qiladigan qishloqdagi oilaviy shifokorlik punktida faqat 1 nafar vrach, 8 nafar oʻrta tibbiyot xodimi faoliyat koʻrsatadi. — deydi mazkur OSHP mudiri Abdumalik Safarov. — Shifokorga ehtiyoj katta. 2001-yilda qurilgan punktimiz binosi taʼmirtalab ahvolga tushib qolgan. Eng yaqin “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi bu yerdan 26 kilometr masofadagi Gʻilon qishlogʻida joylashgan. Bizga togʻli hududda tibbiy xizmat koʻrsatish uchun maxsus mashina zarur. Feldsher Abdikarim Azizov qishloqda dorixona ochish harakatida ekanligi, ammo tashkiliy masalalarda muammoga duch kelganini qayd etdi.
— Yurtimizda olib borilayotgan katta oʻzgarishlar nafasi nafaqat markazda, balki avvalo sizlarniki kabi olis hududlarda yaqqol sezilishi zarur, — dedi Amrillo Inoyatov aholi bilan muloqotda. – Zero xalqimizni rozi qilib ishlash – barchamizning asosiy vazifamiz. Shu kuni mazkur oilaviy shifokorlik punktiga tibbiy xizmat uchun “Sobol” rusumli zamonaviy yoʻltanlamas avtomashina topshirildi.
Muassasa binosini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash 2022-yil investitsiyaviy dasturiga kiritildi. Dorixona muammosini hal etish boʻyicha ham amaliy yordam beriladigan boʻldi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari hududda vrachlar tanqisligi muammosini hal etish uchun Koʻl, Gʻilon va atrofdagi boshqa qishloqlar aholisi vakillaridan 10 nafar yosh yigit-qizni Samarqand davlat tibbiyot institutida mazkur oliy oʻquv yurti hisobidan oʻqitib berish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilanishini maʼlum qildi.
Bu xushxabarlar qishloq ahlini behad mamnun etdi. Qishloq oqsoqollari duoga qoʻl ochib, ayni Ramazon kunlarida bunday xayrli ishlarning boshida turganlarga minnatdorchilik bildirdilar.
Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash
boshqarmasi axborot xizmati.