Shahrixonda OIV infektsiyasi kasalligini qasddan yuqtirib yurgan fuqaro qo'lga olindi

    O'zbekiston Respublikasi IIV JQB, Andijon viloyati IIB JQB va Shahrixon tumani IIB JQB xodimlari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbir davomida Shahrixon tumani fuqarosi erkak S.M Andijon viloyati OITSga qarshi kurashish markazida 2020 yilning mart oyida dispanser nazoratiga olingan bo'lib, o'zida tanosil kasalligi borligini bila turib, bu kasalni boshqa shaxsga yuqtirish O'zbekiston Respublikasi JKning 113-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi to'g'risida ogohlantirilgan.

    Mazkur ogohlantirishlarga qaramasdan fuqaro S.M ayollar Bo'ston tumanida yashovchi M.D, Shahrixon tumanida yashovchi Y.Shlar bilan bir necha bor betartib jinsiy aloqada bo'lib OIV infeksiyasini yuqtirganligi aniqlandi. Shuningdek, Buloqboshi tumanida yashovchi ayol R.N bilan ham bir necha bor betartib jinsiy aloqada bo'lib, uni OIV infeksiyasini yuqtirish xavfi ostida qoldirganligi ma'lum bo'ldi.

    Mazkur holat yuzasidan, Shahrixon tumani IIB huzuridagi tergov bo'linmasi tomonidan S.Mga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 113-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo'llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Andijon viloyati IIB Axborot xizmati.