Shamol va quyosh elektr stansiyalari salohiyatini aniqlaydigan uskunalar ishga tushirildi

    Ushbu uskunalar mamlakatimizda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurilishi rejalashtiriladigan hududlarda shamol kuchini aniqlashga moʻljallangan va shamolning tezligi, davomiyligi, yoʻnalishi hamda quyosh parametrlari kabi koʻrsatkichlarni oʻlchaydi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligida respublikamizga keltirilgan va hozirgi kunda Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Lidar rusumli shamol va quyosh energiyasi salohiyatini oʻlchash qurilmalarining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimotda Energetika vazirligi, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, Davlat ekologiya qoʻmitasi va boshqa manfaatdor vazirlik va korxonalar, ilmiy va taʼlim muassasalari, OAV vakillari ishtirok etdilar.

    Mazkur qurilmalar Innovatsion rivojlanish vazirligining Tarmoq korxonalarida ilmiy-tadqiqot va taraqqiyot tuzilmalarini rivojlantirish boshqarmasi tashabbusi bilan shakllantirilgan, Energetika vazirligi bilan hamkorlikda va AQSHning USAID agentligining granti asosida amalga oshirilib kelinayotgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining respublika yagona energetika tizimiga taʼsirini oʻrganish” loyihasi doirasida olib kelindi. Ilmiy tadqiqotlarni olib borish uchun moʻljallangan uskunalarning umumiy qiymati 322,6 ming AQSH dollariga teng boʻlib, bular – 2 dona Lidar rusumli shamol salohiyatini oʻlchash qurilmalari, 1 dona quyosh salohiyatini oʻlchash uskunasi, 1 dona vodorod yoqilgʻi elementi (Hydrogen Fuel Cell) hamda 1 dona Lufft rusumli ob-havo koʻrsatkichlarini oʻlchaydigan “aqlli” sensor (Smart Weather Sensor) hamda respublikaning yagona energiya tarmogʻini elektron bashorat qilish imkoniyatini beradigan 1 dona Plexos dasturiy taʼminotidir.

    Ushbu uskunalar mamlakatimizda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurilishi rejalashtiriladigan hududlarda shamol kuchini aniqlashga moʻljallangan va shamolning tezligi, davomiyligi, yoʻnalishi hamda quyosh parametrlari kabi koʻrsatkichlarni oʻlchaydi.

    Bu koʻrsatkichlar shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurishda muhim ahamiyat kasb etish bilan bir qatorda investorlarning shamol va quyosh elektr stansiyalariga mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi qaror chiqarishlari uchun muhim omil hisoblanadi. Shuningdek, xorijiy banklar kredit hujjatlarini oʻrganarkan, mazkur uskunalar yordamida amalga oshirilgan oʻlchovlar ishonchli hisoblaydilar.

    Taqdimot yakunida Innovatsion rivojlanish vazirligining qurilmalar bilan ishlash sirlarini egallagan yosh xodimlariga mutaxassislik sertifikatlari tantanali topshirildi.

    Nazokat ABDUQUNDUZOVA,

    Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi