Shamollash mavsumi: Bemorlarga qanday mahsulotlarni isteʼmol qilish tavsiya etiladi?

    Darddan xalos boʻlishga nafaqat dori-darmonlar, balki toʻgʻri ovqatlanish ham yordam berishi, simptomlarni yengillashtirishi va kasallikning davomiyligini qisqartirishi mumkin.

    Toʻgʻri ovqatlanish va koʻproq suv ichish immunitet tizimini qoʻllab-quvvatlaydi, shamollash bilan kurashish va tiklanishga yordam beradi.

    Hech qanday mahsulot shamollash, gripp yoki boshqa kasalliklarni davolay olmaydi. Ammo toʻgʻri tanlangan mahsulotlar, suv, kofeinsiz oʻtli damlamalar kasallik paytida organizmni tabiiy ravishda qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi.

    Shamollaganda:

    Oddiy shamollash aslida infeksiyalar, burun va tomoq yalligʻlanishiga olib keladigan 200 dan ortiq turli viruslar sabab kelib chiqadi. Uning alomatlari: burun bitishi yoki oqishi, yoʻtal, aksirish, bosh va tomoq ogʻrigʻi. Shamollash odatda uch-yetti kun ichida yoʻqoladi, ammo baʼzida ikki haftagacha ham davom etishi mumkin.

    Shamollaganda koʻp suv ichish tomoq ogʻrigʻini yumshatadi va immun tizimini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu xastalikda eng yaxshi ovqatlar: turli shoʻrvalar, S vitaminiga boy mevalar, oʻtli damlamalar, asal, zanjabil. Sink va D vitamini tezroq tiklanishga yordam beradi. Gomeopatik vositalar ham shamollash alomatlarini yoʻqotishga yordam beradi.

    Gripp bilan ogʻriganda:

    Gripp — bu nafas olish tizimiga taʼsir qiluvchi virusli infeksiya. Uning alomatlariga isitmaning 38ºC dan yuqori koʻtarilishi, mushaklardagi ogʻriq, titroq, terlash, bosh ogʻrigʻi, yoʻtal va burun oqishi kiradi. Gripp odatda 4 – 7 kungacha davom etadi, ammo alomatlar bir necha hafta kuzatilishi mumkin. Grippda shamollagandagi kabi parhezga rioya qilish, tomoq ogʻrigʻini davolash va immunitet tizimini qoʻllab-quvvatlash muhimdir.

    Isitma yuqori boʻlganda:

    Isitma koʻtarilganda, organizmning suv balansini normal holatda ushlab turishga eʼtibor qaratish zarur. Oʻtli damlama-choy kabi tanani sovutadigan mahsulotlar va bodring, sitrus mevalari, salat barglari, bulgʻor qalampiri, olma va uzum kabi suv miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlarni isteʼmol qilish kerak.

    Oshqozon infeksiyasi boʻlganda:

    Bunda yengil hazm boʻladigan, yumshoq ovqatlarni isteʼmol qilish kerak. Ular oshqozonni tinchlantirishga yordam beradi va ovqat hazm qilishning yomonlashishiga yoʻl qoʻymaydi. Banan, guruch, olma pyuresi, kraker va oʻtli choylar eng yaxshi tanlovdir.