Shanxayda Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar markazi ochildi

    Xalqaro hamkorlik 23 Iyun 2025 1020

    Dunyodagi eng yirik innovatsion megapolislardan biri – Xitoyning Shanxay shahrida Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar markazining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi.

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar markazining ochilishi raqamlashtirish, yuqori texnologiyalar va innovatsion rivojlanish sohasidagi Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligini mustahkamlashda muhim qadam boʻldi.

    Markaz Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan Xitoyning “Shanghai Oriental Credits” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Loyiha axborot texnologiyalari sohasidagi kompaniyalar, investorlar, ekspertlar hamda Oʻzbekiston va Xitoyning ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

    Ochilish marosimida Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, ikki mamlakat biznes va texnologik hamjamiyatlari vakillari ishtirok etdi.

    Vazir Sherzod Shermatov oʻz nutqida, Markazning ochilishi Oʻzbekistonning global texnologik jarayonlarga xalqaro integratsiyalashuvi boʻyicha chuqur oʻylangan yoʻnalishni aks ettirishini taʼkidladi. U bugungi kunda raqamli transformatsiya milliy rivojlanish strategiyasining ajralmas qismi ekanligini va respublika mintaqada raqamli hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda faol ishtirok etish niyatida ekanini ham qayd etdi. Markazning Shanxayda tashkil etilishi nafaqat Oʻzbekistonning texnologik salohiyatini namoyish etadi, balki xitoylik hamkorlar bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

    Muassasa Oʻzbekistonning texnologik salohiyatini ilgari surish, axborot texnologiyalari sohasida eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash, venchur va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish, qoʻshma ilmiy va taʼlim loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan koʻp funksiyali platformaga aylanadi. Unda ekspert uchrashuvlari, startap taqdimotlari, oʻquv dasturlari va ikki davlatning raqamli ekotizimlari oʻrtasida tajriba almashish uchun tadbirlar oʻtkaziladi.

    “Shanghai Oriental Credits” kompaniyasi prezidenti Xu Chuan Xua oʻz navbatida markaz ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, sarmoya jalb etish, ilgʻor bilim va texnologik yechimlar almashishga xizmat qilishini taʼkidladi. Bu Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik doirasida yangi oʻsish nuqtasi boʻlishi kutilmoqda. Uning aytishicha, kompaniya Oʻzbekistonga Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli hamkorlardan biri sifatida qaraydi va mamlakat raqamli iqtisodiyotining muhim sohalarida oʻz ishtirokini kengaytirish niyatida.

    Shanxayda Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar markazining tashkil etilishi innovatsiyalar, texnologiyalar va raqamlashtirish markaziy oʻrinni egallagan Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish yoʻlidagi yoʻnalishning mantiqiy davomi boʻldi. Bu ham ikki davlat rahbarlarining keyingi yillardagi uchrashuvlari yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish yoʻlidagi yana bir amaliy qadamdir.