Vazirlar Mahkamasining shu yil 4 martdagi “Meva va sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlarining xavfsizligi to'g'risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan Meva va sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlarining xavfsizligi to'g'risidagi umumiy texnik reglament rasmiy e'lon qilinganidan keyin 18 oy o'tgach kuchga kiradi.

 Hujjatda insonning hayoti va sog'lig'iga zarar etkazilishidan saqlash maqsadida meva, sabzavotlar va rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlarining xavfsizligiga bo'lgan talablar belgilangan. Texnik reglamentning texnik jihatdan tartibga solinadigan ob'ektlariga ishlab chiqarish texnologik jarayonlari, transportda tashish, saqlash va tashishga bo'lgan talablar o'rnatilgan meva va (yoki) sabzavotlar va (yoki) rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlari kiradi.

 Norma.uz saytida keltirilishicha, reglamentda quyidagilar belgilanadi:

  • mevalar, sabzavotlar va rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlariga qo'yiladigan talablar;
  • sharbat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transportda tashish, saqlash va tashish jarayonlariga qo'yiladigan talablar;
  • sharbat mahsulotlarini identifikatsiya qilish qoidalari;
  • sharbat mahsulotlarini tamg'alashga qo'yiladigan talablar.

Texnik reglament talablari eksportga mo'ljallangan, shuningdek shaxsiy iste'mol uchun ishlab chiqarilgan sharbat mahsulotlariga tatbiq etilmaydi.

 SHarbat mahsuloti Texnik reglament talablariga javob bergan taqdirda O'zbekiston Respublikasi bozoriga muomalaga kiritiladi. Muvofiqlikni baholash (tasdiqlash) jarayonidan o'tganidan so'ng sharbat mahsuloti bozordagi mahsulot muomalasi (muvofiqligi)ning yagona belgisi bilan tamg'alanadi. SHarbat mahsulotining har bir turkumi muomalaga kiritilganida unga sifat to'g'risidagi hujjat ilova qilinadi.

 SHarbat mahsulotining o'z nomiga muvofiqligini belgilash maqsadida sharbat mahsulotining identifikatsiyasi mahsulotning fizik-kimyoviy, organoleptik va boshqa ko'rsatkichlarini birgalikda baholash yo'li bilan amalga oshiriladi. Hujjatda mahsulot xavfsizligiga qo'yiladigan quyidagi talablar qayd etilgan: gigienik, tashish va muomalaga, shuningdek utilizatsiya qilish jarayoniga qo'yiladigan talablar.

 Asosiy gigienik talab – inson hayoti va sog'ligiga zarar etkazmaslik. SHarbat mahsulotlari konservatsiya qilingan sharbat mahsulotining sanoat sterilligi talablariga, kimyoviy, mikrobiologik va boshqa ko'rsatkichlar talablariga javob berishi lozim. Bolalar ozuqasi uchun sharbat mahsuloti uchun patogen mikroorganizmlarning gigienik va mikrobiologik ko'rsatkichlari qismi talablari belgilangan.

 Texnik reglament talablariga javob bermaydigan sharbat mahsulotlari vakolatli organlarning qarori bilan qaytarilishi yoki yo'q qilinishi kerak. SHarbat mahsulotlarini utilizatsiya qilish (qayta ishlash) tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat nazorati organlari va jamoatchilik vakillari kiradigan komissiya ishtirokida amalga oshiriladi. SHarbat mahsulotlarini yo'q qilish usullari va shartlari uning egasi tomonidan tegishli davlat organi bilan kelishiladi.

Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasi, «O'zstandart» agentligi, shuningdek o'z vakolatlari doirasida boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan ta'minlanadi.