Muloqot chogʻida Oʻzbekiston bilan Amirlik oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, Buxoro va Sharja shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlarini oʻrnatish va birgalikda turkum tadbirlar uyushtirish, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Sharja muzeylari idorasi, boshqa madaniyat va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek, boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
Sharja ekspomarkazida 2-13-noyabr kunlari boʻlib oʻtayotgan Xalqaro kitob koʻrgazmasi haqida soʻz yuritilib, Amirlik kitobshunoslik idorasi bilan Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va boshqa mutasaddi idoralar hamkorligini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Mazkur Amirlikning BAA madaniy hayotidagi tutgan oʻrnini inobatga olib, Buxoro va Sharja shaharlarining birodarlik rishtalarini oʻrnatish istiqbollariga eʼtibor qaratildi. Amirlik vakili ushbu taklifni qoʻllab-quvvatlab, aniq yoʻnalishlarda hamkorlik dasturini birgalikda ishlab chiqish, oʻzaro delegatsiyalar almashish fikrini bildirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Sharja amirligi oʻrtasida turli yoʻnalishlardagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, joriy yil dekabr oyida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasining tashrifi doirasida birgalikdagi ishlar istiqbollari muhokama qilinishi taʼkidlandi.
Shuningdek, 18-noyabrda Abu Dabida ochilishi rejalashtirilgan Shayx Zoid festivalida ishtirok etadigan Oʻzbekiston hunarmandchilik sohasi mutasaddilari bilan uchrashuv uyushtirish, shuningdek iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda birgalikda bir qator maqsadli tadbirlar tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, Sharja amirligi BAA tarkibidagi 7 ta amirlikdan biri boʻlib, 1 727-yilda Qosimiylar sulolasi tomonidan asos solingan, aholi soni va maydoniga koʻra BAAdagi uchinchi yirik hudud hisoblanadi. Amirlikda 6 ta erkin iqtisodiy zona, 28 ta sanoat hududi, 17 muzey va 20 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari faoliyat yuritadi.