Sharq va G'arb o'rtasidagi samarali muloqotning yorqin namunasi

    Ispaniyaning Strategik va xalqaro tadqiqotlar jamgʻarmasi (FESEI) xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Xose Ventura Ballester Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini oʻrtoqlashdi.

    – Ushbu tashrif yakunlari ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni amaliy jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.

    Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlgan mamlakat - Vengriya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar keyingi yillarda alohida jadallik kasb etgan oliy darajadagi siyosiy muloqot tufayli izchil rivojlanib bormoqda.

    Davlat rahbarlarining 2019-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan muzokaralari haqiqatan ham Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi samarali muloqotning yorqin namunasiga aylandi va davlatlararo toʻliq formatdagi muloqotni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Eng muhimi, Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya imzolandi. Vengriya YEIning Oʻzbekiston bilan hamkorlikni eng yuqori darajaga olib chiqqan birinchi davlatidir.

    Oʻzbekiston rahbarining hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdagi konseptual va pragmatik yondoshuvini inobatga olgan holda, ikki davlat rahbarlarining muzokaralarida asosiy urgʻu savdo-iqtisodiy hamkorlikka qaratildi.

    Bugungi kunda Vengriya Oʻzbekistonning YEIdagi muhim hamkorlaridan biridir. Oʻzaro saʼy-harakatlar va amaliy hamkorlik tufayli bu hamkorlik yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Soʻnggi bir necha yil ichida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi va bu ijobiy tamoyil yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.

    Umuman olganda, har ikki davlat ham doimo umumiy manfaatlarga ega boʻlgan sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil kengaytirishga intilayotgani eʼtiborga sazovor, deb hisoblayman.