Har bir sport turini dunyoda keng targʻib etish, ommalashtirish va rivojlantirish uchun yetarli bilim, koʻnikma, malaka va tajribaga ega mutaxassislar - murabbiylar, hakamlar, instruktorlarga boʻlgan talab yuqori hisoblanadi.

“Dunyo” AAning qayd etishicha, mazkur seminarda Xitoy, Yaponiya, Mongoliya, Janubiy Koreya, Xitoy Taypey, Makao va Gonkong kurash federatsiyalari murabbiylari ishtirok etadi. Zoom platformasi orqali qatnashadigan mutaxassislarga Xalqaro kurash instituti va Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ekspertlari tomonidan kurash usullarining 7 ta yoʻnalishi asosidagi qoidalari toʻliq holda nazariy va amaliy jihatdan oʻrgatiladi.

Shuningdek, seminar doirasida Xalqaro kurash instituti va Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan. Mazkur memorandum oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, targʻibot ishlarini rivojlantirish, kurash sport turini ommalashtirish, uning boy anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazishda, oʻzbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirishda yosh iqtidorlarni jalb etishdan iboratdir.