Shartnoma tuzildimi, majburiyatlar bajarilishi shart, aks holda qonun oʻz soʻzini aytadi

    Ijtimoiy hayot 9 Iyun 2022 2875

    Sud “Yangiyer red Gold” MCHJ foydasiga 104 942 811 soʻm miqdorda asosiy qarzni undirib berdi.

    Tabiiyki, hamkorlik qilish uchun taraflar oʻrtasida shartnoma tuziladi. Shartnoma oʻzaro kelishuv boʻlib, u taraflarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.

    “Yangiyer red Gold” MCHJ bilan Sirdaryo viloyati hokimligining qurilish boʻyicha yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi oʻrtasida pudrat shartnomasi tuzilgan edi.

    Shartnomaga asosan MCHJ loyihada koʻzda tutilgan Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar Navroʻzobod MFYda joylashgan 5-sonli maktab binosini mukammal taʼmirlash ishlarini bajarish majburiyatini oladi, buyurtmachi kompaniya esa qurilish ishlarini bajarish uchun zarur sharoitlar yaratishi, ularni qabul qilish va toʻlovni amalga oshirishi lozim edi.

    “Yangiyer red Gold” MCHJ mukammal taʼmirlash ishlarini tugatib, obyektni foydalanishga topshirdi. Biroq, Sirdaryo viloyati hokimligining qurilish boʻyicha yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan shartnoma shartlari buzildi.

    Gap shundaki, “Yangiyer red Gold” MCHJ tomonidan maktab binosida mukammal taʼmirlash ishlari tugallangandan soʻng obyekt foydalanishga topshirilgan, bajarilgan ishlar uchun kompaniya tomonidan 2 076 103 644 soʻm miqdorda, yaʼni 95 foiz toʻlovlar amalga oshirilgan.

    Shartnomaning 11-bandida 12 oylik kafolat muddati oʻtgandan soʻng qolgan 5 foizlik toʻlov amalga oshirilishi koʻrsatilgan. Biroq, toʻlanishi lozim boʻlgan 104 942 811 soʻm miqdordagi qoldiq summa bugungi kunga qadar toʻlanmagan.

    Yuqoridagilarga koʻra, adliya boshqarmasi tomonidan tadbirkor manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi.

    Toʻplangan hujjatlar asosida ish xolisona koʻrib chiqilib, sudning adolatli qarori qabul qilindi. Qurilish boʻyicha yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi hisobidan “Yangiyer red Gold” MCHJ foydasiga 104 942 811 soʻm miqdorda asosiy qarz, 10 000 000 soʻm miqdorda penya undiriladigan boʻldi. Bundan tashqari, respublika byudjetiga 3 148 284 32 ming soʻm davlat boji toʻlanishi ham belgilandi.

    Xulosa shuki, shartnoma tuzildimi, taraflar oʻz majburiyatlarini bajarishi shart, aks holda qonun oʻz soʻzini aytadi.

    Jahongir Shamirzayev,

    Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi

    Huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish

    boʻlimi boshligʻi.