Adliya vazirligi tomonidan shartnomaviy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari tahlil qilinib, bu borada yana-da qulayliklar yaratish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjati loyihasi ishlab chiqildi:

Shartnomaviy-huquqiy munosabatlarga kirishishda sunʼiy cheklovlar olib tashlanmoqda, jumladan:

– banklarga yetkazib berilgan mahsulotlar (ish, xizmat) uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qoʻyilgan taqiq;

– notariuslar tomonidan shartnomalarni tasdiqlashda kommunal toʻlovlardan qarzdorlik yoʻqligi haqidagi axborot olish boʻyicha talab bekor qilinmoqda.

Shartnoma shartlarini belgilashda taraflarning erkinligi taʼminlanmoqda, jumladan:

davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish toʻgʻrisida tuziladigan shartnomalarida oldindan 15 foiz toʻlovni amalga oshirish talabi;

qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari

va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy boʻlgan avans toʻlovi bekor qilinmoqda.

Endilikda Farmon loyihasiga muvofiq, yuqorida nazarda tutilgan oldindan toʻlov va avans hamda ularning miqdorlari taraflarning kelishuviga koʻra shartnoma shartlarida erkin belgilanadi.

Ayrim shartnomaviy-huquqiy munosabatlarda fuqarolar huquqlarining himoyasi kuchaytirilmoqda, jumladan:

➖ fuqarolarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berilmoqda;

➖ mijozning ruxsatisiz hisobvaraqdagi pullarini chiqarish faqat sudning qarori bilan yoki bank bilan mijoz oʻrtasidagi tuzilgan shartnoma asosida yoʻl qoʻyilishi belgilanmoqda;

➖ sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish boʻyicha elektron onlayn-auksionda sotuvga qoʻyiladigan mol-mulk

barcha qarzlardan va taqiqlardan holi boʻlgan holda joylashtirilishi nazarda tutilmoqda.

Kommunal soha, energiya bilan taʼminlash, aloqa xizmati, yoʻlovchi va yuklarni tashish sohalarda tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan shartnomalarni monopoliyaga qarshi kurashish organlari bilan kelishilgandan soʻng isteʼmolchilar bilan tuzish amaliyot kiritilmoqda.

Quyidagi shartnoma turlarini faqat elektron shaklda tuzilishi taklif etilmoqda:

bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga oʻqitish shartnomalari;

fermer xoʻjaliklari bilan tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari.

Shartnomalar tuzishda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun yengilliklar yaratish maqsadida Adliya vazirligining maxsus axborot portalida bepul ravishda aholi va tadbirkorlik subyektlariga foydalanish uchun namunaviy shartnomalar loyihalarini joylashtirib borish taklif qilinmoqda.